15 aprel kuni Toshkentning Yakkasaroy tumanida inklyuziv maktabgacha ta’lim muassasasi ochildi, deya xabar qildi O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligi «Gazeta.uz"ga.

Ushbu inklyuziv MTMda ruhiy rivojlanishdan ortda qolgan bolalar uchun 7 ta guruh (har bir guruhda 15 nafargacha bola) hamda inklyuziv yo‘nalishdagi 7 ta umumta’lim profilli guruh (har guruhda 25 nafargacha bola) ochish rejalashtirilgan.

«Bolalarning bir-biri bilan uchrashishi faqatgina o‘yin maydoni yoki oshxona bilan cheklanib qolmaydi. Inklyuziya tamoyilini amalga oshirish maqsadida har bir oddiy guruhga uch nafar imkoniyati cheklangan, masalan nutqida og‘ir nuqsonlar bo‘lgan bolalar qatnaydilar», — dedi O‘zbekiston maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin.

Ixtisoslashtirilgan guruhlarga bolalar psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosasi asosida qabul qilinadilar. Ta’lim dasturi «Ilk Qadam» davlat dasturining moslashtirilgan varianti hisoblanib, unga defektolog bilan har kungi mashg‘ulotlar kiritilgan. Musiqiy ta’lim korreksion ritmika bilan to‘ldiriladi.

MTMda shaxsni har tomonlama rivojlantirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan: u yerda shifokor ko‘rsatmasi bo‘yicha yakka tartibda va kichik guruh mashg‘ulotlari uchun davolash-jismoniy tarbiya xonasi, jismoniy tarbiya zali, yozgi basseyn, futbol maydoni va logopediya shoxobchasi mavjud, musiqiy ta’lim dasturi esa tuzatish ritmikasi bilan to‘ldirilgan. Shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasasida psixolog faoliyat yuritib, bolalar bilan mashg‘ulotlar o‘tkazishdan tashqari ota-onalar va MTM xodimlari bilan konsultatsiyalar ham o‘tkazadi.

«Biz har bir bola bag‘rikeng bo‘lishga o‘rgatish bilan birga inson qadriyatlari uning imkoniyatiga bog‘liq emasligi haqidagi fikrni singdirmoqchimiz, — dedi maktabgacha ta’lim vaziri. — Yoshlik chog‘ida bolaning ruhiy holati ochiq, egiluvchan va o‘zlashtirishga tayyor bo‘ladi. Insonlar orasida turli fe’l va qiyofaga ega insonlar mavjudligiga o‘rgangan bolalar kelajakda o‘zlaridan farq qilgan bolalarga zulm yetkazmaydi. Jismoniy rivojlanishida turli nuqsonlari bo‘lgan tarbiyalanuvchilar uchun MTMga qatnash muloqot qilish ko‘nikmalariga ega bo‘lish imkoniyatini yaratib berib, ularning keyingi ijtimoiy moslashuvini osonlashtiradi».

Muassasa homiylik mablag‘lari hisobiga rekonstruksiya qilinib, jihozlandi. 369- sonli mazkur MTM davlat-xususiy sherikchilik asosida xayriya faoliyati shaklida tashkil etildi.