1 maydan Humo milliy to‘lov tizimi kartalarini chiqarish boshlanadi. Bu haqda Milliy banklararo protsessing markazi (MBPM) direktori Shuhrat Qurbonov chorshanba kuni O‘zbekiston Milliy banki matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Oylik maoshlar uchun kartalar emissiyasi — bepul, savdo ekayringi uchun komissiyani 0,2 foizgacha, internet-ekvayring uchun komissiya — 1 foizgacha, tizim ichida kartadan kartaga pul o‘tkazmalari komissiyasi miqdorining 0,5 foizgacha bo‘lishi kutilmoqda. Bankomatlar orqali naqd pul yechib olish komissiyasi 1 foizgachani tashkil etadi.

Hozirda to‘lov infratuzilmalarni tekshirish uchun cheklangan miqdorda Humo kartalari chiqarildi. Ulardan Markaziy bank va 20 ga yaqin bank xodimlari foydalanmoqda.

«Biz Markaziy bank xodimlarini Humo kartalariga o‘tkazdik va banklar bilan barcha banklar o‘z tizimini sinovdan o‘tkazish uchun muayyan miqdordagi kartalarni ochish bo‘yicha kelishdik, — dedi MB raisi o‘rinbosari Botir Zohidov. — 20 ga yaqin bank shunday kartalarni chiqarib, o‘z xodimlari maoshlarining bir qismini Humo kartasiga o‘tkazdi va xodimlardan yangi to‘lov tizimi infratuzilmalarini sinovdan o‘tkazishlarini so‘radi».

Qayd etish joizki, «Gazeta.uz"da bar qator banklar xodimlari maoshlarining bir qismi majburiy tartibda Humo kartalariga o‘tkazilgani haqidagi ma’lumot mavjud.

«Bu (sinov — tahr.) nima uchun kerak? agarda biz darhol boshqa tashkilot bilan boshlasak, tizim ishlamay qolsa yoki xatolik ro‘y bersa, o‘qituvchi yoki qaysidir zavod xodimi tezkor chora ko‘ra olmay qolishi mumkin, — deya tushuntirish berdi Markaziy bank raisi o‘rinbosari. — Bank xodimlarida esa soddaroq: u shunchaki kassaga tushib, mablag‘larni naqdlashtiradi va ularni o‘z ehtiyojlari uchu sarflaydi. Qo‘shimchasiga: bank xodimi — muammo nimada ekanini anglashda tajribaliroq».

Humo infratuzilmalari 1000 ta bankomatni o‘z ichiga olib, ularning qiymati 6,5 mln dollarni tashkil etdi. Savdo shoxobchalari bugungi kunga qadar 47990 ta terminalga ega bo‘lib, ularning har biri 120−160 dollar va Uzcard terminallariga qaraganda eng kamida ikki barobar arzon, dedi Shuhrat Qurbonov.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Humo loyihasining qiymati 25−30 mln dollarni tashkil etadi. U, Botir Zohidovning qayd etishicha, davlat byudjetidan emas, balki Markaziy bank mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilmoqda. Biroq bu mablag‘ nafaqat MB, balki banklar zimmasiga ham yuklatiladi.