17 aprelga o‘tar kechasi Yekaterinburgdagi qurilish ob’ektlaridan birida sodir bo‘lgan yong‘in va gazdan zaharlanish natijasida to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosi hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Yekaterinburgdagi bosh konsulxonasi ma’lumotiga tayanib xabar qildi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlarning barcha Surxondaryo viloyatidan:

  • Mengtoshev Shuhrat Uralovich (22.08.1989);
  • Qurbonov Akbarali Saidmurodovich (23.11.1995);
  • Ziyadullayev Ulug‘bek Olimjonovich (18.11.1998);
  • Choriyev Isroil Ravshanovich (18.10.1996).

O‘zbekistonliklar Yekaterinburgga 15 aprel kuni Akademik tumandagi qurilish ob’ektlaridan biriga ishga joylashish uchun kelgan.

Ayni paytda vakolatli organlari tomonidan voqeaning barcha tafsilotlarini aniqlash uchun tergov oldi tadbirlari boshlangan.

Bosh konsulxona marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildirib, O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasi bilan hamkorlikda mazkur vaziyat nazoratga olingani hamda vafot etganlarning jasadlarini vatanga qaytarish masalasi hal qilinayotganini ma’lum qildi.