Vazirlar Mahkamasining 2019 yilda 11 aprelgi qarori bilan yog‘och qirindili plitalar va ularning muqobil turlarini (DSP) ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Hujjat DSP ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, sohaga ilg‘or texnologiyalar va innovatsion ishlanmalarni joriy etish, mahalliy xom ashyodan keng foydalangan holda chuqur qayta ishlashni tashkil etish maqsadida qabul qilindi. Shu munosabat bilan quyidagilar nazarda tutilgan:

birinchidan, qamish xom ashyosi mavjud bo‘lgan hududlarning manzilli ro‘yxati tasdiqlandi. Ushbu hududlarning kichik sanoat zonalarida DSP ishlab chiqaruvchi korxonalar tashkil qilinadi;

ikkinchidan, atrof-muhitga, hayvonot olamiga, ko‘chib yuruvchi qushlarga zarar yetkazmaydigan tarzdagi sanoat usulida qamishlarni o‘rib olish mumkin bo‘lgan qamishzorlar maydonlarining hududlar kesimidagi reyestri shakllantiriladi. Mazkur reyestr asosida yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish uchun mahalliy va xorijiy investorlar jalb etiladi;

uchinchidan, 2022 yil 1 yanvarga qadar DSP ishlab chiqaruvchi korxonalar shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha respublikada ishlab chiqarilmaydigan xom ashyo, asbob-uskunalar, ularning butlovchi hamda ehtiyot qismlarini olib kirganlik uchun bojxona to‘lovlaridan (QQS va bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) ozod etiladi;

to‘rtinchidan, viloyatlar hokimliklariga terak, pavlovniya va boshqa turdagi tez o‘suvchi yog‘ochbop daraxtlarni plantatsiya usulida yetishtirish uchun ball boniteti past bo‘lgan yerlarni tadbirkorlarga ajratish vazifasi topshirildi. Bunda plantatsiyalarni tashkil etganlar 2022 yil 1 yanvarga qadar bunday daraxtlar ekilgan yer maydonlari qismiga yer solig‘i to‘lashdan ozod etiladi;

beshinchidan, joriy yilning 1 mayidan boshlab yog‘och-payraha plitalar va yog‘ochdan yasalgan shunga o‘xshash plitalar yoki qatron yoki boshqa organik bog‘lovchi moddalar shimdirilgan yoki shimdirilmagan boshqa yog‘ochsimon materiallarni olib kiruvchi yuridik shaxslarni import bojxona boji va QQSdan ozod etuvchi imtiyoz bekor qilinadi.