O‘zbekiston Adliya vazirligi OMTlarga kirish sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha yangi tartiblarni joriy etishni ko‘zda tutgan prezident qarori loyihasi bo‘yicha xulosa berdi. Hujjat Davlat test markazi tomonidan ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan edi.

Xulosaga ko‘ra, loyihaga 11 yillik maktabni tamomlagan abituriyentlar uchun 10−11-sinflar darsliklari asosida, akademik litseylar bitiruvchilari uchun esa akademik litseylari darsliklari asosida imtihon o‘tkazishning aniq mezonlarini ishlab chiqish va tasdiqlash bo‘yicha topshiriq kiritirilishi zarur.

DTM, Adliya vazirligi fikricha, imtihon o‘tkazish uchun tavsiya etiluvchi darsliklar ro‘yxatini tasdiqlashi hamda test sinovlarini murakkab bo‘lmagan va maqbul shaklda tuzish mezonlarini ishlab chiqishi lozim.

Adliya vazirligi imtihon topshirilayotgan yili emas, balki undan avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tamomlagan abiteriyentlardan eng kam ish haqining bir baravari miqdorida to‘lov undirish to‘g‘risidagi taklifni qayta ko‘rib chiqishni talab qildi.

«O‘zbekiston Konstitutsiyasining 41-moddasiga muvofiq, har kim ta’lim olish huquqiga ega. Ta’lim olish huquqi har bir fuqaroning moddiy va jismoniy imkoniyatidan qat’i nazar, ta’lim olishi uchun bir xil imkoniyat berilishini ko‘zda tutadi. Shundan kelib chiqib, mavjud me’yorlar asosida hamda shu munosabat bilan aholi o‘rtasida norozilik kelib chiqish ehtimolini hisobga olgan holda eng kam ish haqining bir baravari miqdorida to‘lov undirishning maqsadga muvofiqligini qayta ko‘rib chiqish zarur», — deyiladi xulosada.

Vao‘irlik hujjat loyihasida aks ettirilgan maqsadlar doirasida DTM vakolatlarini kengaytirishning maqsadga muvofiq emas deb hisobladi. «Ortiqcha va qaror loyihasining tartibga solish predmeti bo‘lmagan 6-bandni olib tashlash lozim», — deyiladi xulosada. Band markaz direktori lavozimini vazir darajasi bilan tenglashtirish hamda rahbarga idora tuzilmasiga o‘zgartishlar kiritish huquqini berishni ko‘zda tutadi.

Loyihada eng yuqori balning 30 foizi va undan yuqori ball to‘plagan abituriyentlarga sertifikatlar berish tartiblari keltirib o‘tilgan. «Amalga oshirishning aniq mexanizmlari mavjud bo‘lmagan me’yor huquqni tartibga solishda bo‘shliqlarni vujudga keltiradi va bu, o‘z navbatida, korrupsiyaga yo‘l ochadi», — deyiladi xulosada.

Adliya vazirligi DTMni jamoatchilik fikrini hisobga olishga chaqirdi va qaror loyihasida ilgari surilgan barcha takliflarni sinchkovlik bilan o‘rganish zarurligini ta’kidladi. Adliya vazirligi talablari asosida DTM loyihani qayta ko‘rib chiqishi va Vazirlar Mahkamasiga kiritishi lozim.