16 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Alan Dunkanni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev mehmonni samimiy qutlar ekan, keyingi yillarda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

O‘z navbatida, Alan Dunkan ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik uchun Shavkat Mirziyoyevga samimiy minnatdorlik bildirib, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Tereza Meyning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari O‘zbekistonda davlat boshqaruvining barcha sohalari va iqtisodiyot tarmoqlarini qamrab olgan keng ko‘lamli islohot va yangilanishlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Bugungi kunda siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalar faol davom ettirilmoqda, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya va bank-moliya sohalaridagi hamkorlik kengaymoqda. 2018 yil yakunlariga ko‘ra o‘zaro savdo hajmida keyingi 10 yildagi eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichi qayd etildi.

Joriy yil fevral oyida Toshkent shahrida Buyuk Britaniyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida Savdo va sanoat bo‘yicha O‘zbekiston-Britaniya kengashining navbatdagi yig‘ilishi samarali o‘tdi.

Madaniy-gumanitar, ta’lim va turizm sohalaridagi almashinuvlar kengaymoqda. O‘zbekistonda Xalqaro Vestminster universiteti va Britaniya kengashining vakolatxonasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Uchrashuvda ikki tomonlama amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash, Britaniyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini, ilg‘or tajriba va texnologiyalarini jalb qilgan holda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, jumladan, Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyatni tez fursatda tinch yo‘l bilan hal etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv so‘ngida O‘zbekiston va Buyuk Britaniyaning mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash borasida intilishi qat’iy ekani alohida qayd etildi.