13−14 aprel kunlari Toshkent viloyatida «Biz toza tog‘lar tarafdorimiz» ekologik aksiyasi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati.Aksiya ishtirokchilari «Chimyon» dam olish zonasi hududini kuz va qishda to‘planib qolgan maishiy chiqindilardan tozaladi. Birinchi kuni hasharda chiqindi solingan 1075 ta xalta to‘plandi. Yig‘ilgan chiqindilar 12 kub metr hajmli chiqindi tashish mashinasi hamda maishiy chiqindilarni ajratib yig‘ish uchun mo‘ljallangan statsionar chiqindi konteynerlarini to‘ldirdi.

Tadbir shiPOWnik tog‘ chang‘i-frirayderlar jamiyati tashabbusi bilan tashkil etildi. Aksiyani Ekologiya qo‘mitasi, Turizm qo‘mitasi va «Maxsustrans» kompaniyasi qo‘llab-quvvatladi.

Eslatib o‘tamiz, 11−17 mart kunlari Toshkentda Hashar Week aksiyasi bo‘lib o‘tdi, unda ishtirokchilar 1,5 tonnadan ziyod saralangan chiqindilarni to‘pladi.