Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati, tuman (shahar) sudlari tomonidan 2019 yilning birinchi choragi davomida 709 shaxs muddatidan ilgari shartli ozod qilingan (581 shaxs) va tayinlangan jazosi yengilroq jazo bilan almashtirilgan (128 shaxs). Ushbu shaxslardan 139 nafari qamoqdan ozod qilinib, o‘z oilasini bag‘riga qaytarilgan. 709 shaxsdan 70 nafari ayollar, 13 nafari 60 yoshdan oshgan erkaklar, 275 nafari yoshlar tashqil qiladi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi raisining o‘rinbosari O‘tkir Mamadaliyev ma’lum qildi.

Jinoyat kodeksi 7-moddasida, insonparvarlik prinsipi — jazo va boshqa huquqiy ta’sir choralari jismoniy azob berish yoki inson qadr-qimmatini kamsitish maqsadini ko‘zlamaydi, jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan u axloqan tuzalishi va yangi jinoyat sodir etishining oldini olish uchun zarur hamda yetarli bo‘ladigan jazo tayinlanishi yoki boshqa huquqiy ta’sir chorasi qo‘llanilishi kerak, jazolashdan ko‘zlangan maqsadga ushbu Kodeks Maxsus qismining tegishli moddalarida nazarda tutilgan yengilroq choralarni qo‘llash orqali erishib bo‘lmaydigan taqdirdagina og‘irroq jazo choralari tayinlanishi mumkinligi qayd qilingan.

Jinoyat kodeksi 73-moddasida jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish normasi, shu Kodeksning 74-moddasida esa — jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish normasi o‘z aksini topgan.

Mazkur qonun talablariga ko‘ra, jazodan ozod qilish yoki yengilrog‘i bilan almashtirish, o‘rnatilgan tartib-qoida talablarini bajargan va mehnatga halol munosabatda bo‘lgan hamda jazoning belgilangan qismini o‘tagan mahkumga nisbatan qo‘llaniladi.

Mazkur institutni qo‘llash borasida Samarqand viloyatidagi sudlari tomonidan ham bir qator ishlar amalga oshirilgan. Masalan, jinoyat ishlari bo‘yicha Tayloq tuman sudining 2017 yil 1 dekabrdagi hukmiga asosan og‘ir jinoyat sodir etgan G. Nazarova 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan maxrum qilingan va jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudining 2018 yil 4 fevraldagi ajrimi bilan G. Nazarova 37-sonli manzil-koloniyaga etap bo‘lib kelgan va manzil-koloniyasiga kelgan kundan boshlab, muassasada va turkumda bo‘ladigan ommaviy tartibot va tarbiyaviy tadbirlarga faol ishtirok etganligini, berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarib, o‘zining mehnatsevarligi bilan boshqalarga o‘rnak ko‘rsatib kelayotganligini, hulq atvori yaxshi ekanligini inobatga olib, o‘talmay qolgan 2 yil 6 oy 15 kun jazo muddatini O‘zbekiston Respublikasi JK 74 — moddasi 3 — qismining «v» bandiga asosan yengilrog‘i bilan almashtirish haqidagi taqdimnoma sudga kiritilgan.

Ushbu taqdimnoma jinoyat ishlari bo‘yicha Pastdarg‘om tuman sudi tomonidan 2019 yil 20 mart kuni ko‘rib chiqilib, Samarqand viloyat IIB 37-sonli manzil-koloniyasining taqdimnomasi qanoatlantirilib, JKning 74-moddasiga asosan mahkum G. Nazarovaning o‘talmay qolgan 2 yil 6 oy 15 kun jazosi shu muddatga ahloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan va qamoqdan ozod qilinib, ikki nafar voyaga yetmagan farzandlari bag‘riga qaytarilgan.

Muxtasar qilib aytganda, sudlar tomonidan odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatini amalga oshirishiga ko‘maklashuvchi normalar milliy qonunchiligimizda o‘z aksini topgan bo‘lib, inson, uning huquq va erkinliklari samarali himoya qilinishi kafolatlangan.