Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Shayxontohur tumani bo‘limi tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va qonuniy manfaatlari himoyasi yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

«BDS LEASING» MCHJ QK va «KRONO STYLE» MCHJ o‘rtasida tuzilgan lizing shartnomasiga asosan «KRONO STYLE» MCHJ tomonidan «BDS LEASING» MCHJ QKdan sotib olingan jami 1.1 mlrd. so‘mlik mebel ishlab chiqarishga mo‘ljallangan uskunalar jamlanmasi uchun 321.6 mln. so‘mlik mablag‘lar to‘lab berilgan.

«KRONO STYLE» MCHJning «BDS LEASING» MCHJ QK oldida qolgan 848.3 mln. so‘mlik lizing hamda byudjet oldida 59.4 mln. so‘mlik soliq qarzdorligi mavjud bo‘lsada, Shayxontohur tumani Davlat soliq inspeksiyasi mansabdor shaxslari o‘z mansab vakolatlarini suiiste’mol qilishib, «KRONO STYLE» MCHJning go‘yoki soliq va boshqa qarzdorligi mavjud emasligini tasdiqlovchi taqdimnomani Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritishgan. Natijada sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra «KRONO STYLE» MCHJ tugatilib, «BDS LEASING» MCHJ QKning manfaatlariga zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lishganliklari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Departamentning Shayxontohur tumani bo‘limi tomonidan Shayxontohur tumani DSI mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 205-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tuman prokuraturasiga yuborilgan.