22−28 aprel kunlari O‘zbekistonda velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionati va Osiyo velosport konfederatsiyasining (ASS) navbatdagi kongressi tashkil etiladi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu musobaqada o‘smirlar, kattalar va paralimpiyachilar o‘rtasida g‘oliblar aniqlanadi. Unda Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Vetnam, Gonkong, Malayziya, Filippin, Tailand, Mo‘g‘uliston, BAA, Iordaniya, Eron, Saudiya Arabistoni, Yaman va Livan kabi 36 mamlakatdan 500 nafardan ortiq velopoygachilar ishtirok etadi.

Shuningdek, Osiyo chempionatida erkaklar va ayollar 2020 yilda Tokioda bo‘ladigan navbatdagi yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmalari uchun ham o‘zaro raqobatlashadi.

Musobaqa doirasida joriy yil 26 aprel kuni Toshkent shahridagi «International Hotel Tashkent» mehmonxonasida Osiyo velosiped sporti konfederatsiyasining navbatdagi kongressi ham o‘tkaziladi.

Osiyo chempionatiga Xalqaro velosipedchilar ittifoqi (UCI) raisi David Laparten va Osiyo velosport konfederatsiyasi (ASS) raisi Osama Ahmad Shafar rahbarligidagi nufuzli delegatsiyalarning tashrifi kutilmoqda.

Mazkur nufuzli musobaqani jahon standartiga mos ravishda yuqori saviyada tashkil etish, texnik va amaliy yordam ko‘rsatishda Germaniyaning «Inflame Sports GbR» firmasi bilan yaqindan hamkorlik qilinadi.

Poygalar dastlab to‘rt kun davomida G‘azalkent shahri hududida kechadi, so‘nggi ikki kun Toshkent shahridagi «International Hotel Tashkent» mehmonxonasi yonidan start oladi. Marra chizig‘i Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan «Bildirsoy» dam olish oromgohi yaqinida va Sijjak qishlog‘i hududida belgilanadi.