2019 yil 15 aprel sanasida Baholovchining malaka sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Nizomga muvofiq, baholash faoliyati bo‘yicha malaka imtihoni topshiradigan talabgor:

oliy iqtisodiy, yuridik yoki texnik ma’lumotga, baholovchi yoki baholovchining yordamchi lavozimida so‘nggi 5 yilda kamida 1 yil ish stajiga ega bo‘lishi;

yoxud oliy ma’lumotga, so‘nggi besh yilda mol-mulkni baholashda baholovchi yoki baholovchining yordamchisi lavozimida kamida 2 yil ish stajiga ega bo‘lishi kerak;

shuningdek, baholovchilarni tayyorlash markazlarida maxsus o‘quv kurslaridan o‘tganlik sertifikatiga ega bo‘lishi lozim.

Ma’lumot uchun: baholovchi bu — baholash ob’ektining qiymatini aniqlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxs.

Talabgor Davlat aktivlarini boshqarishagentligiga quyidagi hujjatlarni taqdimetadi:

ariza;

so‘rovnoma;

pasport nusxasi;

oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomning nusxasi;

mehnat daftarchasining nusxasi;

3,5×4,5 hajmdagi 2 dona fotosurat;

maxsus kurs sertifikati nusxasi;

yig‘im to‘langanligi haqida ma’lumot (202 ming 730 so‘m).

Malaka imtihoni 75 ta savoldan iborat test shaklida 40 daqiqada o‘tkaziladi. Savollarning 70 foizidan kam bo‘lmagan qismiga to‘g‘ri javob bergan talabgor malaka imtihonidan o‘tgan hisoblanadi.