O‘zbekistonlik aralash qoidalar (MMA) jangchisi Mahmud Murodov Chexiyaning XFN promousheni bilan kelishuvni bekor qildi. Bu haqda Olamdport.com sayti xabar berdi.

Avvaliga u 7 iyun kuni O2 arenasida mezbon sportchi Kinglga qarshi jang qilishi lozim edi. Ammo, sportchi bugun ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ushbu jang bekor qilinganini hamda endilikda XFN bilan birga ishlamasligini ma’lum qildi.

«Afsuski, XFN’dagi navbatdagi jangim bekor qilindi. XFN o‘z so‘zida turmadi va kelishuv shartlariga amal qilmadi. Bugungi kundan boshlab men erkin jangchiman. Yaqin 10−20 kun ichida qaysi tashkilotda faoliyatimni davom ettirishimni ma’lum qilaman. Ushbu jangni kutgan muxlislarimdan kechirim so‘rayman», — deb xabar qoldirdi Mahmud Murodov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.