O‘zbekistonda Milliy kompetensiya tizimini yaratish va kompetensiyalar pasportini (Skills Passport) joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 12 aprel kuni bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev mehnat bozori vakillari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Mehnat vaziri ish beruvchilardagi «qoniqmaslik sindromi"ni bozorning asosiy muammosi deb atadi.

«Bizda bir tomondan ulkan ishsizlik, ikkinchi tomondan esa traktorchi topa olmaymiz. Boshqa mutaxassislar haqida aytmayapman, traktorchi, veterinar haqida aytayapman. Tuman hokimi bo‘lganman [Mirzo Ulug‘bek tumanida], santexnik, kranchi haqida aytaman. Ular yo‘q. Ya’ni bizda kompetensiyalarni o‘zlashtiruvchi tizim yo‘q. Borlarini ham yomon dedik va unutdik. Hatto shu «yomon», «sovetcha"larni ham saqlab qolmadik. Bizda hech bo‘lmasa birinchi razryadli payvandchi, uchinchi razryadli elektrik, ikkinchi toifali haydovchilar bo‘lishi kerak edi. Mana shunday holat, biz kompetensiyalarni qaytarishni xohlaymiz», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday tizimning joriy etilishiga majbur bo‘lish respublikada ta’lim tizimi ishlamayotganidan dalolat beradi.

«Bu (tizimni joriy etish — tahr.) juda katta mehnat bilan amalga oshadi, chunki biz buni joriy etsak, ta’lim tizimi, bizlar berayotgan diplomning (zaldan qichqiriq: „Ishlamayapti“) tan olinishini anglatadi. Buni siz aytdingiz. To‘g‘rimi?» — deya savol berdi Sherzod Kudbiyev.

Vazirning fikricha, milliy kompetensiya tizimiga xususiy biznesni ham jalb qilish kerak.

«Biz barcha ish beruvchilarga to‘g‘ri baho beradigan shunday bir tizimni yaratishimiz kerak. Xususiy biznes ham kompetensiyalarni o‘zlashtirishining qat’iy tarafdoriman. Kimdir Sharqshunoslik (Toshkent davlat sharqshunoslik instituti — tahr.) yoki Jahon tillari universitetining (O‘zbekiston davlat jahn tillari universiteti — tahr.) qizil diplomi bilan, kichik qizaloq esa ko‘chadan IELTS 6.0 bilan oldingizga kelsa, ularning qaysi biriga ko‘proq ishonasiz?» — deb so‘radi zaldan. Yig‘ilganlar: «IELTS» — deya javob berdi. «Nima uchun? Axir bular katta muhr urilgan qizil diplomlarku?» — deb so‘raydi vazir.

Tizim doirasida kompetensiyalar pasportini ham joriy etish rejalashtirilmoqda. «Biz shunday tizim yaratishni istaymizki, unda diplom emas, Skills Passport beriladi. Bu, albatta, ishchi kasblarga taalluqli bo‘ladi, chunki bizda payvandchilar, kranchilar, aynan ishchi kasblar ma’lumotlari bazalari yo‘q. Shu bilan birga, kuchli, qisqa muddatli — payvandchiga uch yil o‘qishning keragi yo‘q, uch oy yetarli — tayyorlov tizimi bo‘lishi kerak», — dedi mehnat vaziri.

Mehnat va bandlik munosabatlari vazirligi yil oxiriga qadar Toshkentning Yashnobod tumanida sakkizta yo‘nalishda mutaxassislar tayyorlaydigan kompetensiyalar markazini ochishni rejalashtirmoqda.