O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti, «Rusatom Xelskea» va «Rusatom — mejdunarodnaya set» (RMS) o‘rtasida 15 aprel kuni radiatsion texnologiyalar va yadro tibbiyoti sohalarida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi, deya xabar qildi Energetika vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Hujjat Sochida XI «ATOMEKSPO-2019» Xalqaro forumi doirasida Fanlar akademiyasi prezidenti Bexzod Yuldashev, «Rusatom Xelskea» bosh direktori Aleksandr Shibanov va RMS prezidenti Aleksandr Merten tomonidan imzolandi.

Tomonlar Yadro fizikasi institutida siklotron radiokimyoviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha loyihani ishlab chiqishga kelishib oldi. Mazkur loyiha doirasida radioizotop mahsulotlarni ishlab chiqarish va ularni O‘zbekiston hamda xorijda sotish ko‘zda tutilmoqda.

Radioizotop mahsulotlar prostata bezi saratonida braxiterapiya, ko‘rish organlari o‘smalarini nur yordamida davolash, yangi paydo bo‘lgan xavfli o‘smalar terapiyasi, suyak metastazalari, revmatoid artritlar va boshqa kasalliklarni davolashda qo‘llaniladi.

Memorandum O‘zbekistonda shartnoma asosida tibbiyot buyumlari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga radiatsion ishlov berish xizmatlarini ko‘rsatuvchi ko‘p maqsadli nurlantirish markazini tashkil etish bo‘yicha loyihani ham o‘z ichiga oladi.