Toshkentda Markaziy Osiyo va Kavkazning 10 mamlakatidan kelgan oltmishdan ortiq vakillar birgalikda gender tengligini ta’minlash jarayonini tezlashtirish masalalarini muhokama qilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) va O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorlikda o‘tkazayotgan seminarda O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva O‘zbekistonda xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirish va gender tengligini ta’minlash xususida alohida to‘xtaldi.

— O‘zbekistonda ayollar huquqlarini kafolatlovchi mustahkam huquqiy asos yaratilgan va unga inson huquqining alohida ajralmas qismi sifatida qaralmoqda, — deydi Tanzila Norboyeva. — Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 46-moddasida: «Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar» deya e’tirof etilishi mamlakatimizda ayollar jamiyatning faol a’zosi sifatida barcha sohalarda keng qamrovli ishtirok etishining huquqiy kafolati belgilanganidan dalolat beradi. Shuningdek, xalqaro hujjatlarga, jumladan, 1995 yili «Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida» gi konvensiyaga qo‘shilishimiz ham bu masalaga jiddiy e’tibor berilayotganini ko‘rsatadi. BMTning xotin-qizlar ahvoli bo‘yicha komissiyasining maqsadli tavsiyasiga ko‘ra, milliy darajada qarorlar qabul qilish jarayonida ayollar ishtiroki 30 foizdan kam bo‘lmasligi belgilangan. Boshqaruvning o‘rta va yuqori pog‘onalarida rahbarlik lavozimlarida ayollar sonini ko‘paytirish maqsadida «Saylovlar to‘g‘risida» gi qonunga ko‘ra deputatlikka nomzodlarni ko‘rsatishda ayollar uchun 30 foiz kvota berilgan edi. Joriy yilda prezident tashabbusi bilan bu raqam yanada oshirildi. Hozirgina biz Markaziy saylov komissiyasi bilan memorandum tuzdik. Unga ko‘ra, kelgusida o‘tkaziladigan saylovlarda nomzodlarning 50 foizi xotin-qizlardan iborat bo‘ladi. Shu munosabat bilan o‘zining salohiyati, bilimdonligi va malakasi bilan ajralib turuvchi, layoqatli xotin-qizlarning olti ming nafari rahbarlikka tayyorlanmoqda.

Biroq, bu O‘zbekistonda gender muammosi to‘liq hal etildi degani emas. Qurilish, axborot texnologiyalari kabi sohalarga ham xotin-qizlarni kirib kelayotgani bois bu yo‘nalishdagi rahbarlarning malakasini oshirish kun talabiga aylanmoqda.

Ayni vaqtda O‘zbekistonda gender tenglikni yanada rivojlantirishga xizmat qiluvchi qonun loyihasi tayyorlanmoqda. Kelgusi haftada uni xalq muhokamasiga qo‘yish mo‘ljallanmoqda. Shuningdek, O‘zbekistonda birinchi gender komissiyasi tuzildi. Senat raisi mazkur komissiyaning bevosita rahbari hisoblanadi. Gender ekspertizasi, gender statistikasi kabilarni olib borishni ham ommalashtirish choralari ko‘rilmoqda, — dedi Tanzila Norboyeva.