O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi Toshkentning Shayxontohur tumani davlat soliq inspeksiyasida «korrupsion to‘r» mavjudligini aniqladi, deya xabar qildi DSQ matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, DSI xodimlari ustidan tizimli ravishda shikoyatlarning tushib turgani «ta’magirlik va korrupsiyadan dalolat beradi».

«Ma’lum bo‘lishicha, mazkur DSI xodimlari uzoq yillar davomida davlat yoki byudjet manfaatlariga emas, balki chorasiz tadbirkorlarni ilintirish uchun korrupsiyalashgan to‘r tashkil etgan holda o‘zlarining g‘arazli maqsadlari yo‘lida faoliyat olib borishgan. Natijada byudjetni to‘ldirishi va davlatning ijtimoiy poydevorini mustahkamlashi mumkin bo‘lgan mablag‘lar ularning shaxsiy cho‘ntaklariga tushgan», — deya xabar qildi qo‘mita.

DSQ Shayxontohur DSI xodimlarining kelgusi korrupsion harakatlariga chek qo‘yishga qaratilgan «aniq choralar"ni amalga oshirdi. DSQ raisining uch o‘rinbosari boshchiligida tashkil etilgan maxsus komissiya hozirda «inspeksiya xodimlarining noqonuniy harakatlarini aniqlash bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda».

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, o‘rganishlar natijasida korrupsion harakatlarga jalb etilgan xodimlar bosqichma-bosqich ishdan bo‘shatildi. Qolgan xodimlar maxsus komissiya attestatsiyasidan o‘tkaziladi, bunda ularning kompetensiyasi va o‘z mansab majburiyatlariga mas’uliyat bilan yondashishi ko‘rib chiqiladi.

Qo‘mitadan qayd etilishicha, 15 yil davomida Shayxontohur tuman DSIda biror marta ham rotatsiya amalga oshirilib, inspeksiya xodimlarining umumiy til biriktirgan holda korrupsion faoliyat olib borishlariga chek qo‘yilmagan.

Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 aprelda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Toshkent tumanlari DSI rahbarlari tarkibini yangilash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa, Sergeli, Yunusobod, Bektemir va Shayxontohur tuman soliq inspeksiyalari rahbarlari vazifasidan ozod qilindi.

Prezident tanqididan so‘ng DSQ soliq organlari kadrlar tarkibi zudlik bilan qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi. Maxsus komissiya tizimga «yangi qon» olib kirish ustida ishlamoqda.