Zarbdor tumanida uzoq yillar davomida yig‘ilib qolgan og‘ir muammolarni bartaraf etish uchun hozirgi kunda ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Birinchi navbatda, tuman markazining zamonaviy shaharsozlik va arxitektura talablariga javob beradigan bosh loyihasi ishlab chiqildi. Bunda yangi uy-joylar barpo etish, mavjudlarini ta’mirlash, bugungi taraqqiyot darajasiga monand ijtimoiy soha ob’ektlari, yo‘llar va piyodalar yo‘laklari, aholiga xizmat ko‘rsatish va dam olish maskanlari tarmoqlarini yuzaga keltirish, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash bilan bog‘liq katta hajmdagi qurilish-ta’mirlash ishlariga kirishilgan.

Tuman markazidagi shoh ko‘cha — Mustaqillik ko‘chasi qurilish maydoniga aylangan. Loyiha asosida bu ko‘cha kengaytirilmoqda. Yo‘l bo‘yidagi o‘z umrini yashab bo‘lgan eski turar-joylar, savdo nuqtalari olib tashlanib, yig‘ilib qolgan chiqindilar hududda olib chiqib ketilmoqda. Mazkur ko‘cha hamda markazdagi ko‘p qavatli uylar atrofida hech qanday rejasiz qurib tashlangan qurilmalar bartaraf etilib, hudud to‘liq tozalandi. Yana bir necha oydan keyin Mustaqillik ko‘chasining ikki tomonida zamonaviy savdo markazlari, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari paydo bo‘ladi.

Shular qatorida ko‘cha bo‘yida O‘zbekiston davlat bayrog‘i majmuasi, Xotira maydoni, 3 ta 4 qavatli uy, davlat xizmatlari markazi hamda boshqa bir qator ma’muriy binolar, bank-moliya muassasalari qad rostlaydi. Hozir mazkur ob’ektlarda tuproq ishlari yakuniga yetkazilib, poydevor quyish yumushlari davom etmoqda.

Mustaqillik, Tinchlik va Oybek mahallalaridagi 50 dan ziyod ko‘pqavatli uylar ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan, deyarli har bir uy atrofida noqonuniy qurilmalarni uchratish mumkin edi. «Obod mahalla» dasturi asosida arxitektura talablariga zid holda qurilgan bunday binolarni bartaraf qilishga zarur ishchi kuchi va texnika vositalari jalb etilgan. Ayni paytda uylar tomi va fasadi yangilanib, deraza romlar almashtirilyapti. Uylarga kirish yo‘laklarini betonlash, yangi eshiklar o‘rnatish ishlari bajarilmoqda, namunaviy loyihalar bo‘yicha tandir va o‘choqxonalar, bolalar maydonchalari barpo etilmoqda. Uylar orasida yo‘laklar yotqizish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari qizg‘in olib borilmoqda.

Hududda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida yangi tarmoqni tortish, mavjud quvurlarni rekonstruksiya qilish, yangi quduqlar barpo etish va mavjudlarini ta’mirlash belgilangan.

Davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida 4 ta maktabgacha ta’lim muassasasi barpo etiladi, tibbiyot birlashmasi, 1-sonli bolalar bog‘chasi kabi bir qator ijtimoiy muassasalar binolari yangi ko‘rinishga ega bo‘ladi.

Bosh rejaga muvofiq, tuman markazidan o‘tuvchi «Jizzax-Qo‘qon» avtomobil yo‘li bo‘yidagi eski istirohat bog‘i o‘rnida yangi «Umid» bolalar istirohat bog‘i bunyod etilyapti.

Eski Bo‘ston aholi maskanida 500 ish o‘rniga ega bo‘ladigan tikuvchilik korxonasi qurilishi olib borilyapti. Mazkur korxonada asosan shu yerda yashovchi, ijtimoiy muhofazaga muhtoj fuqarolar ish bilan band bo‘ladi. Tumandagi xotin-qizlar o‘rtasida ishsizlik darajasi eng yuqori bo‘lgan Sharq yulduzi, Taraqqiyot, Yangikent, Oqar qishloqlarida Mirzacho‘l tajribasi asosida 250 ish o‘rniga ega bo‘lgan 4 ta tikuvchilik sexi tashkil etiladi.