Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudi tomonidan qamoq muddati axloq tuzatish ishlariga almashtirilgan Islombek To‘laganov jazoning qolgan qismini Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani Probatsiya xizmati nazorati ostida o‘taydi, deya xabar qildi O‘zbekiston IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi.

Borovskiy nomidagi tibbiyot kollejining sobiq o‘quvchisi Navoiydagi 4-jazoni ijro etish koloniyasida jazo o‘tayotgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil 30 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tuman sudi may oyida Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji o‘quvchisi Islombek To‘laganovga (1999 y. t.) o‘z kursdoshi Jasur Ibrohimovni kaltaklab, uning o‘limiga sabab bo‘lgani uchun olti yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlagan edi.

Jinoyat kodeksining 90- moddasi (jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish) va Jinoyat-protsessual kodeksining 536-moddasiga (jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tartibi) muvofiq, Islombek To‘laganovga tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan 4 yil 5 oy 15 kunlik qismi axloq tuzatish ishlari va ish haqining davlat hisobiga 20 foizi ushlanib qolishiga almashtirildi.

Xabarda qayd etilishicha, sud jarayonida Islombek To‘laganov jazoni ijro etish vaqtida koloniyada o‘rnatilgan rejimni buzmagani, mehnatga ko‘ngilli ravishda munosabatda bo‘lganiga e’tibor qaratilgan.