Hukumat qarori bilan Qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Komissiyaga bosh vazir raislik qiladi, uning tarkibiga qishloq xo‘jaligi vaziri, suv xo‘jaligi vaziri, innovatsion rivojlanish vaziri va boshqa bir qator idora rahbarlari kiritilgan.

Komissiyaning asosiy vazifasi qishloq xo‘jaligiga oid qonun hujjatlarining ijrosini ta’minlash, ularni monitoring qilish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish hamda sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish hisoblanadi.

Shuningdek nizom bilan komissiyaning funksiyalari, huquq va majburiyatlari belgilab berildi.

Komissiya majlislari har chorakda kamida bir marta o‘tkaziladi. Rais tomonidan navbatdan tashqari majlis chaqirilishi mumkin.

Komissiyaning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.