«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi floti to‘rtinchi Boeing 787−8 Dreamliner samolyoti bilan to‘ldirildi, deya xabar qildi MAK matbuot xizmati. Shanba kuni kechqurun «Orzu layneri» Everettedagi (Vashington shtati, AQSH) Boeing zavodidan to‘xtovsiz parvozni amalga oshirgan holda Toshkent aeroportiga qo‘ndi.

Yangi samolyotga avvalgi uchta Boeing 787−8 Dreamliner kabi yonilg‘i sarflash samaradorligini oshirish, shovqin darajasini pasaytirish va atmosferaga CO2 gazining ajrab chiqishini kamaytirish imkonini beruvchi GE Aviation kompaniyasining GEnx-1B dvigatellari o‘rnatilgan.

Avialayner biznesda — 24ta, ekonom klassda — 222ta va jami 246ta yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan. Samolyot sahni qulay va keng o‘rindiqlar, yangi pol qoplamlari, yoritish va tovush izolyatsiyasi, individual ko‘ngilochar dasturli HD sensor monitorlar bilan ta’minlangan. Illyuminatorlar balandligi 46 sm ni tashkil etib (barcha tijoriy laynerlar orasida rekord), ular boshqariluvchi elektroxrom qorong‘ilashtirish texnologiyasi bilan ta’minlangan.

Yana bir farqlardan biri laynerga internetga kirish uskunalari o‘rnatilgan. Bu Uzbekistan Airways kompaniyasining ikkita A320neo samolyotidan keyingi uchinchi «Bortda internet» xizmatidan foydalanish mumkin bo‘lgan havo kemasidir. Panasonic Avionics Corporation aloqa provayderi va ko‘ngilochar tizimlar yetkazib beruvchisi hisoblanadi.

Boeing 787−8 Dreamlinerning Markaziy Osiyodagi birinchi buyurtmachisi bo‘lgan O‘zbekiston milliy aviakompaniyasi ularning tijoriy ekspluatatsiyasini 2016 yilda boshlagan. MAKning 2020 yilga mo‘ljallangan rivojlanish rejalariga muvofiq, aviapark ushbu rusumdagi oltita samolyot bilan to‘ldiriladi va MDHda bunday samolyotlarning yetakchi ekspluatantiga aylanadi, deyiladi xabarda.

Boeing 787−8 fyuzelyaji elementlarining 50 foizi uglerod asosidagi kompozit materiallardan tayyorlangan bo‘lib, ular alyumin fyuzelyajli laynerlardan yengilligi va mustahkamligi bilan ajralib turadi.