Hukumatning 2019 yil 12 apreldagi qarori bilan «2015−2030 yillarda ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha Senday hadli dasturi» maqsadlariga O‘zbekiston Respublikasida erishish strategiyasi tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Strategiyaning bosh maqsadi 2030 yilgacha ofatlar natijasida halok bo‘lganlar va jabrlanganlar sonini, shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtisodiy zararni keskin kamaytirish uchun aholi va hududlarni ofatlardan kompleks himoya qilishni kuchaytirishdir.

Quyidagilar ofatlar xavfini kamaytirishning ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi:

ofatlar to‘g‘risidagi bilimlarni oshirish;

ofatlar xavfini boshqarishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish;

ofatlar xavfini kamaytirish tadbirlariga investitsiyalar kiritish;

ofatlar yuz berganda harakat qilishga tayyorgarlikni oshirish.

Strategiyani amalga oshirish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

1-bosqich: 2019−2022 yillar;

2-bosqich: 2023−2026 yillar;

3-bosqich: 2027−2030 yillar.

Har bir bosqich bo‘yicha strategiyaning vazifalari va ustuvor yo‘nalishlarini hal qilishga qaratilgan rejalar ishlab chiqiladi.

Qaror bilan, strategiyani 2019−2030 yillarda amalga oshirish bo‘yicha milliy harakatlar rejasi tasdiqlandi.

Rejaga muvofiq, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar xavfi va ular yetkazishi mumkin bo‘lgan zararni baholashning metodologik asoslari ishlab chiqiladi.

Ofatlar xavfi sug‘urta qilib boriladi hamda turizm ob’ektlarining xavfsizligini ta’minlash takomillashtiriladi.