1 iyuldan dori vositalarini davlat tomonidan xarid qilishda mahalliy kompaniyalar ustunlikka ega bo‘ladi. O‘zbekiston prezidentining «2019 — 2021 yillarda Respublikaning farmatsevtika tarmog‘ini yanada jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonda bu haqda so‘z boradi.

Yangi tartiblar sinov tariqasida joriy etiladi. Dori preparatlari va tibbiyot buyumlarini davlat tomonidan xarid qilishni amalga oshirishda ikki va undan ortiq ishtirokchilar — analogik mahsulotni (xalqaro patentlanmagan nomi bo‘yicha) milliy ishlab chiqaruvchilari mavjud bo‘lgan taqdirda davlat buyurtmachisi import dori preparatlari va tibbiyot buyumlarini yetkazib berish taklifi mavjud barcha buyurtmalarni rad etadi. Sinov 2020 yil 31 dekabrgacha davom etadi.

Hujjatga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Oʻzmedimpeks DUK Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasiga o‘tkazildi. Agentlik dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ishlab chiqarish, tayyorlash va ularning ulgurji savdosi ustidan nazoratni amalga oshirish, shuningdek, farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash bilan shug‘ullanadi.

1 iyuldan boshlab import dori vositalari (dori substansiyalari bundan mustasno) va tibbiyot buyumlarini «erkin muomalaga chiqarish (import)» bojxona rejimiga rasmiylashtirishda bojxona qiymatining 1,2 foizi miqdorida bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘im undiriladi. Ushbu yig‘imning 1 foizi esa Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi hisobiga o‘tkaziladi.

Farmonda qayd etilishicha, hujjat farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni hamda yetakchi xorijiy kompaniyalarni investitsiya loyihalarini amalga oshirishga jalb qilish, innovatsion farmatsevtika mahsulotlarini yaratishni rag‘batlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ishlab chiqarish hajmlari va eksport salohiyatini kengaytirishga qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda dori vositalari importi hajmi 2016 yildagi 873 mln dollardan 2018 yilda 764 mln dollarga kamaydi.