Energetika vazirligi huzuridagi «O‘zbekenergo» AJ bazasida tashkil etilgan uchta aksiyadorlik jamiyatiga raislar tayinlandi, deya xabar qildi vazirlik matbuot xizmati.

2017 yildan «O‘zbekenergo» kompaniyasini boshqarib kelayotgan Mustafoyev Ulug‘bek Mavlonovich «Hududiy elektr tarmoqlari"aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi etib tayinlandi.

Avval «O‘zbekenergo» raisining birinchi o‘rinbosari va «Toshkent hududiy elektr tarmoqlari» korxonasi bosh direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatgan Isoqulov Dadajon Aynaqulovich «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi bo‘ldi.

Mubarakshin Ruslan Gazizovich «Issiqlik elektr stansiyalari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi etib tayinlandi. Avval u «O‘zbekenergo» raisining birinchi o‘rinbosari edi.

Shuningdek, Nodir Tohirovich Agzamov Energetika vazirligi huzuridagi Neft mahsulotlari va gazni nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i etib tayinlandi. U 2012−2017 yillarda Vazirlar Mahkamasining Geologiya, yoqilg‘i-energetika majmui, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati axborot-tahlil departamentining yoqilg‘i-energetika kompleksini rivojlantirish bo‘yicha yetakchi mutaxassisi vazifasida ishlagan.

Asqar Sharifjonovich Isakov neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari etib tayinlandi. Asqar Isakov ilgari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gaz va neft mahsulotlari nazorati davlat inspeksiyasining Toshkent hududiy boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energetikasi sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi («O‘zdavenergonazorat») boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatgan Umarjon Usmonaliyevich Egamberdiyev Energetika nazorati inspeksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari etib tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, «O‘zbekenergo» kompaniyasi prezident Shavkat Mirziyoyevning mart oxiridagi qarori asisda qayta tashkil etildi.