O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi prezident maktablariga o‘quvchilarni tayyorlash bo‘yicha Next Step Up School kompaniyasi tomonidan matbuotda e’lon qilingan «Kimning bilimi kuchliroq» («Kto kruche v znaniyax») loyihasini ishga tushirilishi haqida quyidagicha izoh bildiradi:

Next Step Up School kompaniyasi yoki uning boshlig‘i Muhayyo Zayrovaning prezident maktablariga hech qanday aloqasi yo‘q.

Ushbu maqolada Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, prezident maktablariga kirishda ingliz tili asosiy mezon ekanligi haqida fikr bildirdi, deya ta’kidlangan. Vazir o‘zining Facebook sahifasida ota-onalarga: «Farzandingizni prezident maktablarida o‘qishini istasangiz ingliz tilini o‘rgatishni boshlang!», deb yozgan. Bunga sabab, prezident maktablarida xorijlik pedagoglar o‘quvchilarga ingliz tilida ta’lim berilishi ko‘rsatilgan.

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov hech qachon o‘quvchilarni prezident maktabiga qabul qilishda ingliz tilini bilish darajasi asosiy mezon bo‘lishi haqida aytmagan.

Shuningdek, maqolada Muhayyo Zayrova prezident maktabida o‘qishga tayyorlash va qabul qilish bo‘yicha ota-onalarning barcha savollariga javob berishga tayyor ekanligi qayd etilgan.

Ta’kidlash joizki, ayni paytda Xalq ta’limi vazirligi hamda Cambridge Assessment prezident maktablariga o‘quvchilarni saralab olish borasida ish olib bormoqda. Kirish imtihonlarini o‘tkazish va iqtidorli o‘g‘il-qizlarni tanlash mezonlari hali tasdiqlanmagan.

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda prezident maktablarining rasmiy sahifalari (Telegram, Facebook, Instagram) ishga tushirildi. Ushbu sahifalarda prezident maktablariga oid barcha rasmiy ma’lumotlar tezkorlik bilan berib boriladi. Eslatib o‘tamiz, joriy yilda Toshkent, Xiva, Nukus hamda Namanganda Prezident maktablari tashkil etiladi.