O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 22 fevraldagi «Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari va akademik litseylarning iqtidorli bitiruvchilarini oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tartibi to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, bitiruvchilarni oltin va kumush medallar bilan taqdirlash joriy etildi.

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan hududiy boshqarma boshliqlariga oltin va kumush medallarning berilishida nizom talablariga qat’iy rioya etish hamda adolat va shaffoflikni ta’minlash mas’uliyati yuklatildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Hududiy boshqarma boshliqlaridan joriy o‘quv yilida oltin va kumush medallarga nomzod o‘quvchilar ro‘yxati (buyurtma) olindi va tahlil qilindi.

Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan 2016−2017 o‘quv yilida 9-sinfni 15950 nafar o‘quvchi a’lo darajali shahodatnoma bilan tamomlagan (asosiy da’vogar), 2018 yilning noyabrida bu ko‘rsatkich respublika bo‘yicha 9538 nafar (6412 taga kamaygan), 2019 yilning fevral oyida esa 7857 nafarni tashkil etib, 1681 taga kamaygan. Qaror qabul qilinganidan so‘ng olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida oltin va kumush medallarga nomzod o‘quvchilar 5638 nafarni tashkil etib, 2219 taga kamaygan.

Ayni vaqtda vazirlik ishchi guruhi tomonidan joylarda o‘quvchi, ota-ona hamda pedagoglar orasida oltin va kumush medallar bilan bitiruvchilarni rag‘batlantirishda adolat, shaffoflikni ta’minlash yuzasidan keng tushuntirish hamda targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, oltin va kumush medallarga buyurtmalarning haqqoniyligi o‘rganilmoqda.

Xalq ta’limi vazirligi oltin va kumush medallar bilan o‘quvchilar ma’naviy rag‘batlantirilib, o‘qishda erishgan muvaffaqiyatlari hamda namunali xulqi uchun taqdirlanishini, medallarga ega bo‘lgan bitiruvchilarga oliy o‘quv yurtlariga kirishda imtiyozlar belgilanmaganligini bitiruvchilar va ularning ota-onalariga, qolaversa keng jamoatchilikka yana bir bor eslatib o‘tadi, deyiladi xabarda.