Shu yilning 24−27 aprel kunlari Qozog‘istonning Nur-Sulton shahrida «Eurasian book fair-2019» IV Yevroosiyo xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi tashkil etiladi. Unda O‘zbekistondan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tasarrufidagi nashriyotlar yangi kitoblar to‘plami bilan ishtirok etadi. Bu haqda agentlikning telegramdagi sahifasi orqali xabar berildi.

Mazkur nufuzli tadbir kitobxonlikni ommalashtirish, nashriyotlar, yozuvchilar, madaniy-ma’rifiy muassasalar, kitob savdosi bilash shug‘ullanadigan tashkilotlarning o‘zaro hamkorligini mustahkamlash, jahon noshirlik va poligrafiya sanoati tajribasini o‘rganish, yetakchi nashriyotlarning eng yaxshi zamonaviy kitoblar to‘plamini o‘quvchilar va xaridorlarga yetkazish, kitob mahsulotlarini yangi texnologiyalar asosida ishlab chiqarish va tarqatishga doir istiqbolli vazifalarni belgilash hamda xalqaro madaniy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun: 1996 yildan buyon har yili 23 aprelda «Jahon kitob va mualliflik huquqlari kuni» dunyo bo‘ylab keng nishonlanadi. 2001 yildan boshlab har yili turli shaharlarga Jahon kitoblari poytaxti unvonini berish an’ana tarziga kirgan.

Hozirgacha Madrid (Ispaniya), Aleksandriya (Misr), Nyu Dehli (Hindiston), Monreal (Kanada), Bogota (Kolumbiya), Bayrut (Livan), Lyublyana (Sloveniya), Buenos Ayres (Argentina), Yerevan (Armaniston), Bangkok (Tailand), Port-Xarkort (Nigeriya), Vroslav (Polsha), Afina (Gretsiya) kabi shaharlar ana shu unvonga sazovor bo‘lgan.