Qoraqalpog‘istonning janubiy tumanlaridan birida yashovchi B.E. va O.M. balog‘at yoshiga yetmagan qizni aroq ichirib, o‘zini himoya qila olmaydigan holga tushirlagn holda zo‘rlagani bois jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi bo‘lim katta prokurori Alfiya Bisenovaning «Huquq» gazetasida e’lon qilingan maqolasida so‘z boradi.

1993 yilda tug‘ilgan B.E. bundan uch yil oldin badanga shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoyatga qo‘l urgan, ammo sudning ajrimiga ko‘ra uning ayblilik masalasi taraflarning yarashganligi munosabati bilan harakatdan tugatilgandi.

B.E. oilasidan ajrashgan D.H. bilan tanishib qoladi. Ular pinhona uchrashuvlarni boshlab yuborishadi. B.E. bu paytlarda o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan, hali balog‘at yoshiga yetmagan qiz bilan ham munosabatda bo‘lib kelgan.

B.E. tanishlari O.M., O.H. va Sh. I. bilan tuman hududida joylashgan kafelarning biridan mast holatda chiqadi va o‘tirishni davom ettirish maqsadida O.Hayitovning bo‘sh turgan uyiga borishadi. Ichkilikbozlik bu yerda ham davom etib, o‘tirish qiziydi.

Oradan biroz vaqt o‘tgach, B. mast holatida bu uyga voyaga yetmagan tanishini ham olib keladi. Hali balog‘at yoshiga yetmagan, uning ustiga, bunday tartibsiz o‘tirishlarda ishtirok etib ko‘rmagan qiz o‘zini noqulay sezadi. Ayniqsa, uning qo‘liga aroq to‘la piyola tutqazilganida, u dasturxon atrofidagilarga o‘zining aroq ichib ko‘rmaganligini va umuman, ichishni xohlamasligini aytadi. Lekin, u «ichmayman» deb qancha harakat qilmasin, baribir, atrofdagilarning qistovi bilan ichishga majbur bo‘ladi.

Mana shunday qistov ostida uch-to‘rt piyola aroq ichgan qiz mast bo‘lib qoladi. Yoshligidan foydalangan holda boshini aylantirib yurgan qizining ana shunday holatga tushishini poylab o‘tirgan B. uning yoniga boradi va go‘yoki, yordam bermoqchi bo‘lgandek, uni uyning alohida xonasiga yetaklaydi…

B. singlisi tengi qizning nomusini bulg‘ab, dasturxon atrofiga kelganidan so‘ng ichkilikbozlik yana davom etadi. Endi bu xonaga mast holatda bo‘lgan O.M. ham kirishga qaror qiladi va qizning ojizligidan, ya’ni o‘zini himoya qilish imkoniyatiga ega emasligidan foydalanadi…

Ikki yigit tomonidan og‘ir jinoyat sodir etilayotgan paytda qizning ota-onasi xavotirlanib, ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilgan va u qidirilayotgandi. Qilg‘ilikni qilib, bir qizning nomusini bulg‘agan jinoyatchilar esa jinoiy javobgarlikdan qutulish maqsadida turli nayranglarni ishga solish bilan ovora edi. Lekin, ularning o‘ylab topgan nayranglari, tabiiyki, ish bermasligi kundek ravshan edi. Jinoyatchilar shu kunning o‘zidayoq qo‘lga olinib, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Sud ishni xolisona va har tomonlama o‘rganib chiqdi. Odil sudning hukmiga binoan, B.E. va O.M.ga qilmishlariga yarasha uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.