Joriy yilning 12−15 aprel kunlari Toshkent shahrida dzyudo bo‘yicha kadetlar va yoshlar o‘rtasida Osiyo ochiq kubogi bo‘lib o‘tadi. Turnirda 6 mamlakatdan 250 ga yaqin ishtirokchi o‘z omadini sinab ko‘radi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Musobaqa reglamentiga ko‘ra, 12−13 aprel kunlari kadetlar toifasidagi bellashuvlar o‘tkazilsa, 14−15 aprel sanalarida yoshlar o‘z mahoratini namoyish etishadi. Ta’kidlash joiz, mazkur musobaqa har yili Uchqun Murodov xotirasiga an’anaviy tarzda o‘tkazilib, unda yosh iqtidorli dzyudochilar saralab olinadi.

Bahslar «Universal» sport majmuasida o‘tkaziladi. Musobaqada O‘zbekiston dzyudochilaridan tashqari Rossiya, BAA, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston terma jamoasi a’zolari ham medallar uchun bahs olib borishadi. Eng ko‘p ishtirokchilar O‘zbekiston (111) va Qozog‘iston (82) jamoalarida qayd etilgan.

Vazn toifalari:

O‘smirlar: -50 kg (16 ishtirokchi), -55 kg (26), -60 kg (27), -66 kg (26), -73 kg (18), -81 kg (16), -90 kg (16), +90 kg (16);

Qizlar: -40 kg (6 ishtirokchi), -44 kg (12), -48 kg (9), -52 kg (9), -57 kg (12), -63 kg (14), -70 kg (12), +70 kg (10).