O‘zbekistonlik og‘ir atletikachi Rustam Jangaboyev antidoping qoidalarini buzganlikda ayblanib musobaqalardan vaqtincha chetlatildi, deya xabar berdi Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi (IWF) sayti.

2018 yilgi jahon chempionatining bronza medali sohibining doping namunasidan o‘sish gormoni (peptidli gormonlar (S2)) nishonlari topilgan. Sportchi vaqtinchalik musobaqalardan chetlatildi.

Rustam Jangaboyev antidoping qoidalarini buzmagan bo‘lsa, tegishli qaror e’lon qilinadi, deyiladi IWF xabarida.

O‘zbekiston Og‘ir atletika federatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Shaxrullo Mahmudov «Gazeta.uz"ga izoh berar ekan, O‘zbekiston tomoni doping namuna tahlili natijalariga rozi emas va appelyatsiya berishni maqsad qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rustam Jangaboyev ham taqiqlangan moddalarni iste’mol qilganini rad etmoqda.