Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudi 2018 yil 20 dekabr kuni Islombek To‘laganovga tayinlangan qamoq muddatini axloq tuzatish ishlariga almashtirdi, deya xabar qildi O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga. U Navoiy shahridagi qamoqxonada jazo muddatini o‘tayotgan edi.

Jinoyat kodeksining 90- moddasi (jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish) va Jinoyat-protsessual kodeksining 536-moddasiga (jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tartibi) muvofiq, Islombek To‘laganovga tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan 4 yil 5 oy 15 kunlik qismi axloq tuzatish ishlari va ish haqining davlat hisobiga 20 foizi ushlanib qolishiga almashtirildi.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil 30 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tuman sudi may oyida Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji o‘quvchisi Islombek To‘laganovga (1999 y. t.) o‘z kursdoshi Jasur Ibrohimovni kaltaklab, uning o‘limiga sabab bo‘lgani uchun olti yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlagan edi.

U 104-modda 3-qism «d» bandida (qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish) ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar kassatsiya instansiyasi 2018 yil 12 yanvar kuni ushbu jazo chorasini o‘z kuchida qoldirdi.