9 aprel kuni Toshkentning Sergeli tumani Sergeli-5A mavzesida arzon uy joylar qurish dasturi bo‘yicha bunyod etilgan ko‘p kvartirali uylarda yashovchi aholi vakillari sotib olingan uylar narxi oshirilganiga noroziligini bildirib, O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi binosi yaqinida to‘plandi.

Bir kvadrat metr uchun 2017−2018 yillarda belgilangan 2,8 mln so‘mlik narxning 3,9 mln so‘mga oshirilishi, natijada ipoteka to‘lovlari narxi ham qimmatlashishi aholi noroziligini keltirib chiqardi. Ushbu uylarda istiqomat qilayotganlarning noroziligi tasvirlangan xabar va videotasvirlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Foto: «Tashkent-Snos» Telegram-kanali.

Prezident 2016 yil 22 noyabrda tasdiqlangan 2017−2020 yillarda shaharlarda ko‘p kvartirali arzon uylarni qurish bo‘yicha dasturga ko‘ra, Sergeli tumanida arzon uylar qurilishi boshlangan edi. Ushbu uylardagi kvartiralar birinchi navbatda yosh oilalar, eski va sharoiti og‘ir uylarda yashayotgan fuqarolarga mo‘ljallangan.

«Ipoteka-bank» shu kabi uylarni sotib olish uchun 3 yillik imtiyozli davr va dastlabki 5 yil uchun yillik 7 foiz, keyingi davr uchun Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi darajasida foiz stavkasi bilan 20 yil muddatga ipoteka kreditlari ajratmoqda.

Toshkent hokimiyati munosabati

10 aprel kuni poytaxt ma’muriyati shikoyatlarni o‘rganish va vaziyatni tahlil qilish bo‘yicha tezkor guruh tuzilishi to‘g‘risida xabar qildi. Ishchi guruhi tarkibidan hokimiyat, Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Qurilish vazirligi, banklar va loyihaga mas’ul «O‘zshahar qurilish invest» tashkiloti vakillari o‘rin oldi.

«Qurilishlar yakuniga yetganidan so‘ng uylarning aniq qiymatlari hisob-kitob qilib chiqildi va u bir qator sabablarga ko‘ra yuqoriroq bo‘lib chiqdi. Biroq aholi ushbu uylarni olayotgan vaqtda bu haqda xabardor qilingan», — deya izoh berdi hokimiyat matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Ombudsman munosabati

Inson huquqlari bo‘yicha vakil Ulug‘bek Muhammadaliyev matbuot xizmati chorshanba kuni Sergeli tumanidagi arzon ko‘p kvartirali uylarda istiqomat qilayotgan aholi vakillarining noroziligi ombudsman e’tiborida ekanini ma’lum qildi.

4 aprel kuni ombudsmanga Sergeli-5A mavzesi 27-uyda yashovchi 32 nafar fuqaroning jamoaviy murojaati kelib tushdi. Unda aholi «O‘zshahar qurilish invest"ning narxlarni oshirish to‘g‘risidagi qaroridan norozilik bildirgan.

Ombudsman aholi, mahalliy hokimiyat organlari, qurilish tashkilotlari va tijorat banklari mutasaddi rahbarlari bilan shaxsan uchrashishga va’da berdi. Bundan tashqari, aholini uy joy bilan ta’minlash bo‘yicha shartnoma-huquqiy bazaning mamlakat qonunchiligiga muvofiqligini o‘rganadi.

«O‘rganishlar natijalari bo‘yicha mamlakat qonunchiligida kafolatlangan fuqarolar huquqlarining so‘zsiz ta’minlanishi bo‘yicha choralarni ko‘rish rejalashtirilmoqda», — deyiladi xabarda.

«O‘zshahar qurilish invest» izohi

«O‘zshahar qurilish invest» izohi 11 aprel kuni arzon uylarda kvartiralar narxi oshirishi sabablarini ma’lum qildi.

Kompaniyaning tasdiqlashicha, 2017 va 2018 yillarda qurilish ishlari mexanizm va prinsiplari o‘zgarmagan bir xil tipdagi loyihalar, mashina-mexanizmlar, qurilish materiallari hamda 2017 yil qurilish ishlarida qatnashgan pudrat tashkilotlari tomonidan amalga oshirildi.

Prezidentining 2017 yil 23 oktyabrdagi qaroridan kelib chiqib, uyning 1 kv. m narxi 2 mln 841 ming so‘m etib belgilandi. Bu haqda hokimliklar va banklarga 2017 yil 25 oktyabrda xatlar bilan murojaat qilingan.

Qarorning 12-bandida qurilish ishlarini loyiha ishlari bilan bir vaqtda amalga oshirishga ruxsat berilganligi sababli 2018 yil mart oyida loyixalarni Davlat ekspertiza ko‘rigidan o‘tkazilib, ijobiy xulosalar olingandan so‘ng 2018 yil 29 mayda uyning 1 kv m narxi yuqoridagi ekspertiza xulosasiga asosan qayta hisoblangani to‘g‘risida yozma ravishda joylardagi xokimiyatlar va tegishli bank muassasalari tanishtirilgan.

Narxlarning oshirilishiga quyidagilar sabab bo‘lgan:

  • 2017 yil 2 sentyabrda O‘zbekistonda valyuta bozori liberallashtirildi. Bu O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, chetdan import qilinadigan qurilish materiallari narxiga, xususan yog‘och-taxta, tom yopish uchun ishlatiladigan metall listlar va boshqa materiallarga ta’sir etdi. Ya’ni 1 tonna profnastil narxi 2017 yilda 3 mln so‘mdan ziyodroqni tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yilda bu 9,6 mln so‘mni yoki o‘tgan yilga nisbatan 314,8 foizni, yog‘och-taxta mahsulotlari 2017 yilda 1 m.kub. narxi 878 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yilda 1,8 mln so‘mdan ziyodroqni, o‘tgan yilga nisbatan 205,6 foizni tashkil etgan.
  • Prezidentning 2017 yil 14 noyabrdagi qaroriga asosan, 2018 yil 1 yanvaridan boshlab respublikada ishlab chiqarilib ko‘p qavatli arzon uy-joylar qurilishi uchun imtiyozli narxlarda ajratilgan sement va metall maxsulotlarini birja savdolari orqali sotish tartibi joriy etilganligi sababli ushbu maxsulotlar narxlari o‘zgarishiga olib keldi. Xususan 2017 yilda 1 tonna sement narxi 135,1 ming so‘mni, 2018 yilda ushbu narx 305,8 ming so‘mni yoki o‘tgan yilga nisbatan 226,3 foizni tashkil etgan. 1 tn metall narxi 2017 yilda 1,9 mln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yilda 4,6 mln so‘mni yoki o‘tgan yilga nisbatan 241,7 foizni tashkil etgan. Bundan tashqari yoqilg‘i moylash mahsulotlari narxi 2018 yilda 2017 yilga nisbatan 202 foizga oshgan.
  • 2017 yil 1 dekabrdan oylik ish haqi miqdorlari o‘rtacha 15 foizga oshgan, hamda 2018 yilda 2017 yilga nisbatan gaz, elektr energiyalar narxlarining oshishi o‘z navbatida qurilish mollarining narxlarida o‘zgarishga olib keldi. Xususan 1 dona g‘isht narxi 2017 yilda 430 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yilda 880 so‘mni yoki o‘tgan yilga nisbatan 204,7 foizni, 1 m.kub. shag‘al va qum narxi 2017 yilda 31,4 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yilda 55 ming so‘mni yoki o‘tgan yilga nisbatan 175,2 foizni tashkil etgan.

Arzon uy-joylar qurilishiga berilgan tegishli soliq imtiyozlar sababli, uy-joylarning 1 kv. m narxlari 2018 yilda 2017 yilga nisbatan 139 foizdan 141 foizgacha o‘sgan.

2017 yilga nisbatan 2018 yilda narxlarning oshganligi sababli fuqarolar tomonidan dastlabki badalni to‘lashni yengillashtirish maqsadida 2018 yil 18 iyuldagi prezident qaroriga ko‘ra, ko‘p qavatli arzon uy-joylar uchun fuqarolar tomonidan to‘lanadigan dastlabki badal miqdori xonadon narxining 25 foizi o‘rniga 15 foiz etib belgilandi. Buning natijasida yuzaga kelgan farq fuqarolar arizalariga asosan qaytarib to‘lab beriladi.

Ushbu ishlar uy-joylarning tannarxini tushirish uchun bajarildi va Sergeli tumanida 47,3 mlrd so‘m mablag‘ dastlabki taqdim etilgan qiymatiga nisbatan tejab qolinishiga erishildi. Buning natijasida uy-joylarning 1 kvadrat metri narxi oldingi taqdim etilgan narxlarga nisbatan 150 ming so‘mdan 300 ming so‘mgacha arzon xolda tegishli tashkilotlarga taqdim etildi.

«Qurilish bilan biz shug‘ullanamiz, hokimiyat kimga buyurtma berishni belgilaydi, bank kredit ajratadi. Bu masala bilan uchta tashkilot shug‘ullanadi. Narxlarni biz ekspertizadan keyin belgilaymiz. Biz aholi bilan ishlamaymiz, bu hokimiyatning vazifasi, biz ko‘rsatilgan ikki tomon bilan ishlaymiz. O‘z xatlarimizda biz narxlar o‘sishi mumkinligini ko‘rsatganmiz. Ehtimol, hokimiyat va bank aholini ogohlantirmagandir, balki odamlar shartnomadagi ushbu bandni o‘qimagandir. Asosiy muammo shu», — deya qayd etdi «O‘zshahar qurilish invest» «Gazeta.uz"ga.

Bosh vazirning aholi bilan uchrashuvi

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov hamda tegishli vazirlik va idoralar vakillari payshanba kuni aholi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Yig‘ilish qatnashchilaridan birining «Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, hukumat rahbari so‘zlashni xohlagan har bir fuqaroni tingladi va ikkita xulosaga keldi: uylar sifati va narxlarning oshirilishi.

Abdulla Aripov birinchi muammo to‘g‘risida so‘zlar ekan, davlat qurilayotgan binolarning sifatini ta’minlashga majbur ekanini tan oldi va bu masala hal etilishiga va’da berdi. Ikkinchi masalaga kelganda, bosh vazir qurilish materiallar importi qimmatlashgani sababli 1 kv. m uchun belgilangan dastlabki narxga qaytishning iloji yo‘qligini ochiq ma’lum qildi.

Ayni vaqtda Vazirlar Mahkamasi rahbari fuqarolardan narxlarni oshirish darajasini «minimallashtirish» uchun bir oy muddat so‘radi. Bu vaqt davomida ishchi guruh Sergeli tumanida qurilayotgan uylar arzon bo‘lishi kerakligini hisobga olgan holda barcha xarajatlar bo‘yicha parametrlarni qayta ko‘rib chiqadi.

Aholi bosh vazirning so‘zlarini olqishlar bilan qarshi oldi.