IIV Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi va Mudofaa vazirligining Gidrometeorologik jarayonlarga ta’sir ko‘rsatishni boshqaruv xizmati FVV tizimiga o‘tkazildi.

Ichki ishlar vazirligidan Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi, uning hududiy va tarkibiy tuzilmalari hamda Yong‘in xavfsizligi instituti, shuningdek Mudofaa vazirligidan Gidrometeorologik jarayonlarga ta’sir ko‘rsatishni boshqaruv xizmati Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga o‘tkazilmoqda. Gidrometeorologiya xizmati markazi esa FVV tizimidan Vazirlar Mahkamasi tasarrufiga o‘tkazilmoqda.

FVV matbuot xizmatining xabar qilishicha, bu prezidentning 10 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish, yong‘in xavfsizligini ta’minlashning sifatli yangicha tizimini tadbiq etish to‘g‘risida"gi farmoni hamda «Favqulodda vaziyatlar tuzilmalarining faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida ko‘zda tutilgan.

FVV tuzilmasiga o‘zgartishlar kiritilishi munosabati bilan vazirlik zimmasiga yong‘in xavfsizligini ta’minlash sohasida qator yangi vazifalar yuklatildi.

Yong‘in xavfsizligi quyi tuzilmalari bazasida tegishli favqulodda vaziyatlar bo‘limlari va yong‘in-qutqaruv tuzilmalari tashkil etilib, ularga yong‘inlarni bartaraf etish bilan birga qutqaruv ishlarini amalga oshirish vazifalari ham yuklatildi.

Shuningdek, Favqulodda vaziyatlarda harakat qilish va boshqarish milliy markazi hamda hududiy tezkor boshqaruv markazlari tashkil etilib, ularga aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida monitoring va prognozlash vakolatlari berildi.

Nukus, Qarshi, Samarqand va Farg‘ona shaharlarida yirik favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun mo‘ljallangan hududiy yong‘in-qutqaruv otryadlari tashkil etilmoqda.

Yong‘in xavfsizligi instituti Yong‘in xavfsizligi akademiyasiga aylantirilmoqda. Favqulodda vaziyatlar muammolari va yong‘in xavfsizligi ilmiy-tadqiqot instituti, Yong‘in-qutqaruvchilarning boshlang‘ich tayyorgarligi va malakasini oshirish markazi hamda oliy harbiy-ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun yoshlarni tayyorlash bo‘yicha Ixtisoslashtirilgan litsey tashkil qilinmoqda.

Bundan tashqari, hududiy favqulodda vaziyatlar boshqarmalari tarkibida hayotiy faoliyat xavfsizligi markazlari tashkil qilinib, ushbu markazlarda aholini turli xususiyatdagi favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilishga tayyorlash, fuqarolar sog‘ligi va hayotiga xavf tug‘diruvchi omillar bo‘yicha ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan tadbirlarning o‘tkazilishi belgilangan.

Qayd etilgan hujjatlarda belgilangan vazifalar, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish tizimi samaradorligini oshirishga, ushbu sohada monitoring va prognozlash ishlarini yaxshilashga hamda yong‘inlar va favqulodda vaziyatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan xavflar va tahdidlarni barvaqt aniqlashga xizmat qiladi.