O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Amnesty International huquqni himoya qilish tashkilotining mahalliy hukumatni sobiq bosh prokuror Rashitjon Qodirovning erkin va adolatli sud qilinishini kafolatlash hamda uni mustaqilik kuzatuvchilar va ekspertlar uchun ochiq qilishga chaqirgan bayonotiga javob qaytardi.

Huquqni himoya qilish tashkiloti 8 apreldagi xatida o‘z axborot manbalariga tayangan holda tergov izolyatorida ayblanuvchiga nisbatan o‘zi va boshqalarga qarshi ko‘rsatma berishi uchun jismoniy zo‘ravonlik, o‘lim tahdidi, uyqudan mahrum qilish va uning qarindoshlariga nisbatan tahdidlar qilinayotgani yozilgan.

Bosh prokuraturaning qayd etishicha, tergovning boshidanoq Rashitjon Qodirovga himoyalanish huquqi berilgan, advokatning barcha tergov harakatlarida ishtiroki, shuningdek, u bilan hech qanday cheklovlarsiz holi uchrashish imkoniyati ta’minlangan.

Rashitjon Qodirov va boshqa ishtirokchilarning yoshini hisobga olgan holda, dastlabki tergov davomida ularning sog‘lig‘i Ichki ishlar vazirligi tibbiyot muassasalarining doimiy nazorati ostida bo‘ldi. Ishni sudda ko‘rib chiqish jarayonida ham doimiy tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda va barcha zarur tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan alohida maxsus transport vositasi ajratilgan.

Tergov davomida sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazilgan, uning xulosasiga ko‘ra, Rashitjon Qodirovning sog‘lig‘ining holati qamoqda saqlashga to‘sqinlik qilmasligi ma’lum bo‘lgan va unda hech qanday tan jarohatlari aniqlanmagan.

Bosh prokuraturaning qayd etishicha, Moskva shahrining «eglov i partnyorы» advokatlik byurosi bilan tuzilgan huquqiy yordam ko‘rsatish shartnomasi asosida faoliyat yurituvchi advokat A.Madyarov Rashitjon Qodirovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishida advokat sifatida ishtirok etishini ta’minlashga oid choralar ko‘rish to‘g‘risida iltimosnoma bilan faqatgina 2018 yil 18 iyulda murojaat qilgan.

Tergov organlari zudlik bilan bu haqida Rashitjon Qodirovni xabardor qilish choralarini ko‘rgan, Rashitjon Qodirov A.Madyarov huzurida o‘z tashabbusiga ko‘ra uning xizmatlaridan voz kechib, unga nisbatan hech qanday jismoniy yoki ruhiy bosim o‘tkazilmayotganligi, u ixtiyoriy ravishda ko‘rsatmalar berayotgani haqida ma’lum qilgan. Shuningdek, Rashitjon Qodirov ayni paytda uning huquqlarini boshqa advokat himoya qilayotgani va qo‘shimcha advokat jalb qilinishiga ehtiyoji yo‘qligini bildirgan.

Bundan tashqari, uchrashuvda A.Madyarovning talabiga binoan R. Qodirov unga o‘z tanasini ko‘rsatgan, shundan so‘ng A.Madyarov tan jarohatlari yo‘qligiga ishonch hosil qilgan. Shu bilan birga, Rashitjon Qodirov A.Madyarovdan o‘g‘li A.Qodirov bilan bog‘lanishni va yetkazilgan zararni qoplash haqidagi iltimosini o‘g‘liga yetkazishini so‘ragan.

«Tergov davomida Rashitjon Qodirov o‘z aybini faqat qisman tan olgan, bu esa unga ayblov bo‘yicha o‘z fikrini erkin ifoda etish imkoniyati berilgani va uning bunday mazmundagi ko‘rsatmalarini olishda unga nisbatan qandaydir bosim o‘tkazilganlik fakti mavjud emasligidan dalolatdir», — deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Bugungi kunda Rashitjon Qodirovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sud tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Rashitjon Qodirov 2018 yil fevralida tovlamachilik, pora olish, shuningdek, boshqa mansabdorlik va iqtisodiy jinoyatlarni sodir etishda ayblanib, jinoyat ishiga ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan hamda unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

O‘tgan yilning iyulida Bosh prokuratura sobiq bosh prokuror ishi bo‘yicha 24 kishiga ayblov e’lon qilinganini haqida xabar berdi. 7 yanvar kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida Rashitjon Qodirov ustidan yopiq sud jarayoni boshlandi.