2019 yil 9 aprel kuni hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, foydali qazilmalardan noqonuniy foydalanish natijasida yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash hamda aniqlangan huquqbuzarliklar va ularning oqibatlari to‘g‘risida keng jamoatchilikni xabardor qilib borish Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasining asosiy vazifalari sifatida belgilandi.

Noruda foydali qazilmalar uchun yer qa’ri uchastkalari litsenziya asosida tuman hokimlari tomonidan 10 kunlik muddatda beriladi. Ajratilgan yer qa’ri uchastkasining chegaralari kadastr organlari, Inspeksiyaning hududiy bo‘linmalari hamda yerdan foydalanuvchi ishtirokida belgilanadi.

Litsenziyaning muddati tugaganda yoki litsenziya bekor qilinganida Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi 3 kunda bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda tegishli tuman hokimiga yozma ma’lumot beradi.

Shuningdek, noruda foydali qazilmalar 2 yil davomida qazib olinmaganda o‘zlashtirilmagan qazilmalar davlat balansiga o‘tkaziladi va ular joylashgan yer hokimiyatga qaytariladi.