O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi «Gazeta.uz"ga 2018 yilda ishlab chiqarilgan 6506 dona Nexia -3 (2-pozitsiya) rusumidagi avtomobillar komplektatsiyasida tumanga qarshi oldi yoritkichlar o‘rnatilmagani aniqlangani haqida xabar berdi. GM Uzbekistan kompaniyasi esa bu axborot haqiqatga zid ekanini ma’lum qildi.

Antimonopoliya qo‘mitasi xabarida qayd etilishicha, ushbu holatni bartaraf etish bo‘yicha qo‘mitaning talabiga asosan bugungi kunga kelib iste’molchilarga yetkazib berilgan 6037 ta avtomashinaga tumanga qarshi yoritkichlar o‘rnatib berildi va fuqarolarning jami 2,5 mlrd so‘mdan ortiq manfaatlari himoya qilindi.

Qo‘mita mazkur rusumdagi avtotransport vositasida yuqorida ko‘rsatilgan nuqsonni aniqlagangan taqdirda, GM Uzbekistan kompaniyasi yoki Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining: (78) 144−77−77, (78) 147−14−14, (71) 241−76−17 raqamlariga murojaat qilinishini so‘radi.

GM Uzbekistan kompaniyasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga mazkur axborotning haqiqatga mos kelmasligini ma’lum qildi. Antimonopoliya qo‘mitasi tomonidan ushbu yo‘nalishda qandaydir o‘rganishlar olib borilmagan, deya qayd etdi kompaniya vakili.

«Tumanga qarshi farasiz avtomobillarni topshirish mazkur ehtiyot qismni yetkazib berishdagi uzilishlar munosabati bilan xaridorlarni ogohlantirgan holda amalga oshiriladi. Avtomobillarni o‘z vaqtida yetkazib berish maqsadida kompaniya xaridorlarga keyinchalik o‘rnatib berish sharti bilan avtomobillarni tumanga qarshi yoritkichlarsiz yetkazib berish to‘g‘risida qaror qabul qilingan», — deya tushuntirish berdi avtoishlab chiqaruvchi matbuot xizmati.