Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshloq tumani sudi tomonidan «O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filiali Toshloq tumanlararo uchastkasi binosida o‘tkazilgan sayyor sudda chilangar D.M.ga oid jinoit ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshloq tumani sudi raisi A.Habibullayevning O‘zAda e’lon qilingan maqolasida so‘z boradi.

Jinoyat ishi tafsilotlariga ko‘ra, D.M. 14.09.2017 yildan 13.07.2018 yil kuniga qadar «O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filiali Toshloq tumanlararo uchastkasidagi aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash uchastkasida gaz uskunalarini ta’minlash va ekspulatatsiya qilish bo‘yicha chilangar vazifasida ishlab kelgan.

O‘zi ishlagan davrda qalbaki kvitansiyalar tayyorlagan, ulardan foydalanib Toshloq tumani hududida yashovchi 744 nafar fuqaroga taqdim qilgan. Buning uchun fuqarolardan go‘yoki joriy ko‘rik uchun 20 554 so‘mdan, jami 15292 176 so‘m pulni olib, ularni hisobotda ko‘rsatmasdan va tumanlararo gaz uchastkasiga toshpirmasdan o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

D.M. tomonidan sodir qilingan jinoyatni keltirib chiqargan sabab va omillar o‘rganilganida, uning kundalik faoliyati «O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filiali Toshloq tumanlararo uchastkasi mas’ul xodimlari tomonidan yetarli nazorat qilinmaganligi, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmat sifati, ushbu xizmatlar uchun to‘langan to‘lovlar harakati o‘rganib, tahlil qilinmaganligi ma’lum bo‘ldi.

Sud ushbu sabab va omillar va ularni bartaraf qilish choralarini ish bo‘yicha chiqarilgan xususiy ajrimda batafsil ko‘rsatib, ushbu ajrimni ijro qilish uchun «O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filiali rahbariyatiga yubordi.