«Shisha tola, shisha tolali buyumlar, kompozit materiallar, energiya tejamkor isitish asbob-uskunalari va energiya tejashning zamonaviy tizimlarini ishlab chiqarishni tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qaror shisha tola va energiya tejashning zamonaviy tizimlarini ishlab chiqishga xorijiy investitsiya va zamonaviy nano-texnologiyalarni keng jalb qilish maqsadida qabul qilingan.

Qayd etilishicha, bugungi kunda «Deutsche Kabel AG Taschkent» qo‘shma korxonasi (Germaniya) tomonidan shisha tola, energiya tejamkor isitish asbob-uskunalarnii ishlab chiqarish bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda.

Qo‘shma korxona loyihalarni (13 ming tonna shisha tola, 3 ming tonna shisha tola buyumlari va 40 ming kVt energiya tejashning zamonaviy tizimlar) 21,4 mln yevro to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va zamonaviy texnologiyalarni jalb etgan holda amalga oshiradi hamda mazkur loyihalarni samarali amalga oshirish uchun «Falk Porsche Fiberglass» MJCH tashkil etilgan.

Qaror bilan «Falk Porsche Fiberglass» MJCHga qator soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etildi.