Sirdaryoda prokuratura xodimi kanalda cho‘kayotgan qizning hayotini qutqarib qoldi, deya xabar qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi «Gazeta.uz"ga.

8 aprel kuni soat 22.00 da Guliston shahridagi «Do‘stlik» kanali qirg‘og‘i bo‘ylab ketayotgan viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i A.Ubatov suv yuzasidan kelayotgan past ovozdagi shovqinni eshitib qoladi.

Zudlik bilan yaqindagi vagonga borib, belkurak topib keladi va kiyimlarini yechib, o‘zini suvga tashlaydi. Cho‘kayotgan qiz belkurak dastasidan tutib, o‘zi ham chiqishga harakat qiladi. A. Ubatov jabrlanuvchini qirg‘oqqa tortib keladi va yo‘lakdan o‘tayotgan ikki ayoldan tez tibbiy yordam chaqirishni iltimos qiladi.

Hodisa joyiga yetib kelgan odamlar bir-birlarining qo‘llaridan mahkam tutib, zanjir bo‘lib, suv bo‘yidan tortib olishadi.

Jabrlanuvchi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali jonlantirish bo‘limiga yetkazildi.

Qutqarib qolingan qiz 2002 yilda tug‘ilgan Munira Shamshiyeva bo‘lib chiqdi. U Guliston shahar «Ulug‘ yo‘l» MFY hududida yashaydi. Shahardagi 4-o‘rta umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi. Ma’lum bo‘lishicha, qiz kanal chetiga o‘rnatilgan zinadan pastga tushgan va bexosdan suvga yiqilib, oqib ketgan.

U endilikda o‘zini yaxshi his qilmoqda, deyiladi xabarda.