Harakatlanish xavfsizligiga zid bo‘lgan holatlarni bartaraf etish maqsadida «Toshshahartransxizmat» AJning maxsus bo‘limlari tomonidan joylarda doimiy monitoringlar o‘tkazilmoqda. Ushbu tadbirlar natijasida o‘tgan haftada 10dan ziyod avtobus haydovchilari tomonidan belgilangan me’yorlarni chetlab o‘tish holatlari aniqlandi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Monitoring natijasi hamda yo‘lovchilar murojaatlaridan kelib chiqib 99-raqam ostida «Suvsoz» dahasi — Farhod bozori" yo‘nalishida qatnovchi avtobus haydovchilari o‘rtasida yo‘llarda harakatlanish bo‘yicha yo‘riqnoma o‘tkazildi. Unda haydovchilar transport boshqaruvi vaqtida amal qilishi lozim bo‘lgan qoidalar, harakatlanish xavfsizligiga oid qonunchilik talablari bilan yana bir bora tanishtirib o‘tildi.

Bekatlarda avtobuslarning erkin harakatlanishiga xalaqit bergan bir nechta xususiy transportlar ko‘pligi masalasi ham monitoring guruhining e’tiboridan chetda qolmadi. Ayniqsa, «Chorsu» bekatida bunday vaziyat ko‘p uchrashi qayd etildi va Toshkent shahar yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi aniqlangan shu kabi holatlardan xabardor etildi.

«Aziz hamshaharlar, siz ham yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash masalasida kamchilik va qoidabuzilishlariga guvoh bo‘lsangiz,1062 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qiling», — deyiladi matbuot xizmati xabarida.