«Uchtepa» konidagi 7- razvedka qudug‘ida yangi sanoat gaz oqimi qo‘lga kiritildi. Bu haqda «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi matbuot xizmati xabar qildi.

Ushbu quduqda gazning o‘rtacha sutkalik miqdori 300−350 ming kub metrni tashkil etadi. Quduq Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida joylashgan bo‘lib, 1350 metrgacha chuqurlikka ega. 10 kun davomida gaz bosimi, harorati va tarkibini aniqlash uchun gaz-kondensat tekshiruvlari o‘tkaziladi.

7-quduqdan olingan tabiiy gaz oqimi kon konturini kengaytirib, Farg‘ona vodiysi aholisini tabiiy gaz bilan ta’minlash imkoniyatini kengaytiradi, deyiladi xabarda.

Avvalroq «Uchtepa» konidagi to‘rtta quduqdan sutkasiga 386 ming kub metrgacha hajmli sanoat gaz oqimini olingan edi.