Joriy yilning 22−27 aprel kunlari O‘zbekistondagi «Forish» tog‘ poligonida Pokiston Islom Respublikasi va Turkiya Respublikalari qurolli kuchlari bilan hamkorlikda maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur o‘quv mashg‘ulotlari 2019 yilga mo‘ljallangan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi, Pokiston va Turkiya qurolli kuchlari o‘rtasida harbiy hamkorlik rejasiga muvofiq bir qator tizimli tadbirlar asosida amalga oshirilmoqda.

Tajriba va malaka almashuv bilan bog‘liq amaliy mashg‘ulotlarning barchasi «Forish» poligoni tog‘li hududlarida o‘tkaziladi.