2019 yil 8 aprel kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, qonun hujjatlari loyihalari hukumatga yoki prezident administratsiyasiga kiritilishidan oldin manfaatdor idoralar bilan majburiy ravishda kelishilishi lozim.

Endilikda mazkur jarayon ham elektron shaklda amalga oshiriladi.

Xususan, qarorda qayd etilishicha 2019 yil 1 yanvardan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi sinov tariqasida ishga tushirilgan.

Shu munosabat bilan, yagona elektron tizimning ustuvor vazifalari belgilandi.

Loyihalarni ko‘rib chiqish va kelishish jarayonining shaffofligini ta’minlash, elektron imzoning, vizalarning haqiqiyligini tasdiqlash shular jumlasidandir.

2019 yil 1 maydan 1 iyulgacha qonunlar, prezident va hukumat hujjatlari loyihalarini manfaatdor vazirliklar, idoralar, mahalliy hokimiyat organlari tomonidan ishlab chiqish va kelishishda yagona elektron tizimning pilot loyihasi joriy etiladi hamda ularni hukumatga kiritish qog‘oz shaklida yoki tizim orqali amalga oshiriladi.

2019 yil 1 iyuldan 1 oktyabrgacha hukumatda yagona elektron tizimning pilot loyihasi joriy etiladi.

2019 yil 1 oktyabrdan loyihalar hukumatga va prezident administratsiyasiga faqat yagona elektron tizim orqali kiritiladi.

Yagona elektron tizimda qonunlar, prezident va hukumat hujjatlari loyihalarini kelishish davomidagi takliflar hamda e’tirozlar bilan qayta ishlashga imkon beruvchi funksiya ishga tushiriladi.

Yagona elektron tizimning samarali va uzluksiz ishlashini ta’minlash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi guruh tuzilib, unga adliya vaziri boshchilik qiladi.