Bugun professional boksda faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonlik Bahodir Jalolov o‘zining navbatdagi jangini o‘tkazadi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Dastavval tarqatilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Bahodir amerikalik Palmer Donniye bilan jang qilishi kerak edi. Ammo Bahodir Jalolov va uning menejerlari kelishgan holda oltinchi jangda titul kamari uchun bahs olib borishni lozim topishdi.

Shu tariqa, Bahodir bugun vakant turgan «NABF Junior Heavyweight Title» kamari uchun amerikalik Brendan Barretga qarshi jang qiladi. Ma’lumot uchun, Barret shu paytgacha 11 marta jang olib borgan bo‘lib, 7 bor g‘alaba qozongan, shuningdek, uning hisobida 2 tadan mag‘lubiyat va durang ham mavjud.

Bahodir Jalolov uchun bu oltinchi jang bo‘ladi. Jalolov avvalgi barcha bellashuvlarda muddatidan avval raqiblarini yer tishlatgan. Bo‘lajak jangga Nyu-York shahri mezbonlik qilib, bahs Toshkent vaqti bilan ertaga ertalab boshlanadi.

Eslatib o‘tamiz, Bahodir Jalolov 16−27 aprel kunlari Tailandda bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionatida ham O‘zbekiston shrafini himoya qiladi.