6 aprel kuni taxminan 19:30 da Toshkentning Chilonzor tumani Muqimiy ko‘chasida avtomashina yo‘lning belgilanmagan joyidan kesib o‘tayotgan keksa ayolni urib yubordi. Hodisa qayd etilgan videoyozuv Telegram messenjerida tarqaldi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, haydovchi xizmat mashinasini boshqarib ketayotgan poytaxt IIBB tuzilmasidagi bo‘limlardan birining boshlig‘i U. K. bo‘lib chiqdi. Hodisa natijasida hayotdan ko‘z yumgan ayol (1953 y. t.) 4-uy qarshisida harakat yo‘nalishlarini ajratib turuvchi to‘siqlarning orasidan o‘tib, ko‘chani kesib o‘tayotgan bo‘lgan.

Videoregistratordagi yozuvdan ko‘rinib turibdiki, qora rangli Lacetti katta tezlikda xavfli harakatlarni amalga oshirgan holda birinchi yoki ikkinchi polosadan keskin ravishda eng chapdagi polosaga o‘tadi. So‘nggi lahzalarda mashina to‘xtashga harakat qiladi, biroq harakat polosalari o‘rtasida turgan ayolni urib yuboradi. Shundan so‘ng ajratib turuvchi to‘siqlarga uriladi.

Tibbiy yordam ko‘rsatilganiga qaramasdan, ayol 23:40 da Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida vafot etdi.

7 aprelda o‘tkazilgan sud tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, ayolning o‘limi «bosh miya yopiq jarohati, ko‘krak qafasi yopiq jarohati, o‘ng boldir suyaklarini jarohatlari» natijasida kelib chiqqan.

8 aprel kuni Chilonzor tuman prokuraturasi tomonidan IIO xodimi U.Q.ga nisbatan JKning 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.