“O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi Ispaniyaning Patentes Talgo kompaniyasi bilan yana ikkita tezyurar AVE 250 poyezdini sotib olishga shartnoma imzoladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 8-aprelda jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan qarori loyihasida so‘z boradi.

Shartnoma qiymati 57,5 mln yevroni tashkil etadi. Ikki tarkibdan tashqari, ispan kompaniyasi to‘rtta ekonom-klass vagoni, shuningdek depo uchun uskunalarni ham yetkazib beradi.

Shartnoma Ispan kompaniyalarini korporativ internatsionalizatsiya qilish jamg‘armasi (FIEM) krediti hisobidan amalga oshiriladi. Amalga oshirish muddati — 2019−2021-yillar.

Hozirda “O‘zbekiston temir yo‘llari” Afrosiyob nomi ostida Talgo AVE 250 poyezdidan foydalanmoqda. Bugungi kunda Afrosiyob poyezdi Toshkent-Samarqand, Toshkent-Shahrisabz va Toshkent-Buxoro yo‘nalishlarida qatnamoqda.

Mamlakatdagi 4200 kilometrlik temir yo‘llarning 1500 kilometridan ortiq qismi, shundan 900 kilometrga yaqin qismi so‘nggi yetti yilda elektrlashtirilgan. Yaqin yillarda yana 2000 kilometrga yaqin temir yo‘llarni elektrlashtirish rejalashtirilmoqda.