4 aprel kuni O‘zbekiston Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda bojxona xizmati xodimlari Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida ikki bosh lochinning noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘ydi, deya xabar berdi Ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Dubay reysi bilan kelgan Saudiya Arabistoni fuqarosi Yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi (CITES) sohasidaga ruxsat beruvchi jarayonlarni buzishga harakat qildi.

Chet el fuqarosi lochinlar bilan birga yovvoyi qushlarni tutish uchun qopqonlar ham olib kelgan. Ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmatining taxminiga ko‘ra, u O‘zbekiston hududida lochin ovini uyushtirishni maqsad qilgan.

Qushlar CITES`ning O‘zbekistondagi ma’muriy organi hisoblangan Ekologiya qo‘mitasi tomonidan ularning keyingi taqdiri yuzasidan qaror qabul qilingunga qadar vaqtincha olib qo‘yilib, ixtisoslashtirilgan pitomnikka topshirildi.

Chet el fuqarosini javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilmoqda.