Ayni kunlarda Saudiya Arabistonning Jidda shahrida Islom birdamligi sport federatsiyasining navbatdan tashqari Bosh Assambleyasi bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu anjuman doirasida tashkilotga yangi prezident saylash kun tartibining asosiy masalasi edi. Saylov natijalariga ko‘ra, 2019−2021 yillar uchun tashkilotga prezident sifatida shahzoda Abdulaziz Bin Turkiy Al Faysal Saud saylandi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Assambleyada O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi nomidan tashkilot bosh kotibi Jasur Matchanov ishtirok etdi.

O‘zbek xalqining milliy sport turi hisoblanadigan kurash endilikda Islom birdamligi sport o‘yinlari dasturiga kiritiladigan bo‘ldi.

«Biz tashkilot prezidenti va bosh kotibi bilan kurashni Islom birdamligi sport o‘yinlari dasturiga kiritish masalasini muhokama qildik. G‘oya ma’qullandi. Biz Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti, Osiyo o‘yinlari departamenti direktori Haydar Farmon bilan ham bu masala bo‘yicha aloqaga chiqdik va u kishi ham fikrimizni qo‘llab-quvvatladi. Kurashni 2021 yilgi Islom birdamligi sport o‘yinlari dasturiga kiritish uchun kech bo‘lsa-da, 2025 yilgi musobaqaga qo‘shishning imkoni bor. Nasib qilsa, kurashchilarimiz Islom birdamligi sport o‘yinlarida ham o‘z mahoratlarini namoyish qilishadi», — dedi Jasur Matchanov.

Kurash ko‘plab kompleks sport musobaqalari dasturiga kirib bormoqda. Dastlab 2017 yili Turkmanistonning Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan Jang san’ati va yopiq inshootlardagi V Osiyo o‘yinlari, keyinchalik 2018 yil Indoneziya mezbonlik qilgan XVIII Osiyo o‘yinlari dasturiga kirgandi.