Hukumatning 2019 yil 6 apreldagi qarori bilan Davlat xavfsizlik xizmati organlari va bo‘linmalari shaxsiy tarkibining ovqatlanishini tashkil etish bo‘yicha autsorsing xizmatlarini ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Nizomga muvofiq, autsorserlar hokimliklar tomonidan tanlab olinadi. Autsorserlar bilan shaxsiy tarkibni statsionar va dala sharoitlarida ovqatlanishini tashkil qilish bo‘yicha shartnomalar bir yilga tuziladi.

Sifatini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, davlat standartlariga va texnik shartlarga javob bermaydigan oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Taomlar tarqatilishidan oldin vrach va navbatchi ularning sifatini tekshiradi.

Oziq-ovqat yo‘nalishidagi ob’ektlar va oshxona uchun berilgan moddiy-texnik vositalar autsorserga nol qiymatda vaqtincha foydalanishga beriladi.