Koreya Respublikasi prezidenti Mun Chje In Markaziy Osiyoning uchta mamlakati bo‘ylab safari doirasida 18−21-aprel kunlari O‘zbekistonga tashrif buyuradi.

Koreya Respublikasi prezidenti matbuot xizmatining xabar qilishicha, 16−18-aprel kunlari u Turkmanistonga tashrif buyurib, prezident Gurbanguli Berdimuhamedov va boshqa rasmiy shaxslar bilan hamkorlikni kengaytirish borasida muzokaralar olib boradi.

O‘zbekistonda Mun Chje In prezident Shavkat Mirziyoyev bilan ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlash va ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari masalalarini muhokama qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 22−25-noyabr kunlari Janubiy Koreyaga davlat tashrifi bilan borgan edi.

21−23-aprel kunlari Janubiy Koreya prezidenti Qozog‘istonga tashrif buyuradi. Yangi prezident Qosim-Jomart Tokayev bilan uchrashuv o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Tashrifdan ko‘zlangan maqsad — Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaqin munosabatlarini mustahkamlash va Mun Chje Inning “Yangi shimoliy siyosat"i doirasida konsensusga erishishdan iborat.