8 aprel kuni 10:30 da Termizdagi uylardan birida portlash sodir bo‘ldi, deya xabarq ildi Surxondaryo viloyati IIB shahar ichki ishlar bo‘limi «Gazeta.uz"ga.

Favqulodda vaziyatlar vazirligidagi axborot manbasi ham portlash sodir bo‘lganini tasdiqladi.

«Ikki kishi halok bo‘ldi, yetib kelgan tez tibbiy yordam hodisa joyida o‘lim holatini qayd etdi», — dedi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Termiz filiali «Gazeta.uz"ga.

Tibbiyot muassasasi ma’lumotlariga ko‘ra, «Do‘stlik» mahallasi Alisher Navoiy ko‘chasidagi 10-uyning chap tomonida noma’lum sabablarga ko‘ra portlash, so‘ngra yong‘in sodir bo‘ldi.

Surxondaryo viloyat IIB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi ikki fuqaroning vafot etganini tasdiqladi va portlash gaz-havo aralashmasining chaqnashi natijasida sodir bo‘lganini ma’lum qildi.